Lifestyle

WhatsApp yangi funksiyalarni ichiga olgan yangilanishni taqdim etdi

Sifatli rasm generatsiyasidan tortib, ixchamlashtirilgan havolagacha
WhatsApp yangi funksiyalarni ichiga olgan yangilanishni taqdim etdi / Foto: WhatsApp

WhatsApp bir necha yangi funksiyalarni o‘z ichiga olgan navbatdagi yangilanishini taqdim etdi. Bu haqda messenjer rasmiy sahifasida e’lon qilindi.

Unda foydalanuvchilar qo‘ng‘iroqqa javob olinmagan holatlarda ovozli yoki video xabar qoldirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu funksiya an’anaviy ovozli pochta o‘rnini bosadi. Ilovada audiochatlar uchun reaksiyalar qo‘shilib, suhbatni to‘xtatmasdan reaksiya berish imkoni beradi. Videoqo‘ng‘iroqlar davomida esa gapirayotgan foydalanuvchi avtomatik ajratib ko‘rsatiladi.

Yangilanishda tasvir yaratish imkoniyatlari ham kengaydi — Midjourney va Flux AI modellari asosida yanada sifatli rasm generatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. Endi suratlarni animatsiya qilib, qisqa videoga aylantirish mumkin bo‘ladi. WhatsApp’ning veb, macOS va Windows versiyalarida esa yangi mediafayllar bo‘limi paydo bo‘ldi. U orqali hujjatlar, havolalar va rasmlarni tez topish osonlashdi.

Shuningdek, WhatsApp endi havolalarni yanada tartibli va ixcham ko‘rsatadi. Masalan, oldin uzun URL manzil chatda juda ko‘p joy egallab, xabarlarni o‘qishni qiyinlashtirardi. Yangilanishdan so‘ng havola qisqa, chiroyli ko‘rinishda chiqadi va chatni to‘sib qo‘ymaydi.

Statuslar uchun yangi, jumladan interaktiv stikerlar ham chiqarildi. Kanallarga savol berish funksiyasi qo‘shilib, administratorlarga obunachilar bilan yanada samarali muloqot qilish imkonini yaratdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple Watch foydalanuvchilari uchun WhatsApp ilovasi taqdim etilgan edi.