Xitoyda olti qo‘lli odamsimon robot ishlab chiqildi

Xitoyning Midea kompaniyasi dunyodagi ilk olti qo‘lli odamsimon robot – Miro U’ni namoyish etdi. Bu haqda Humanoids Daily nashri ma’lum qildi.
Ishlab chiquvchilar uni supergumanoid deb atamoqda. Yangi avlod roboti sanalgan Miro U Greater Bay Area New Economy Forum 2025 tadbirida, Guanchjou shahrida taqdim etildi.

Miro U — bu odamga o‘xshash tanaga ega, g‘ildirakli platformada harakatlanuvchi va birdaniga olti manipulyator bilan ishlay oladigan birinchi robot. Midea Group ma’lumotiga ko‘ra, bunday konstruksiya robotga insondagi fizik cheklovlarni ortda qoldirish imkonini beradi.
Ko‘p vazifani bir vaqtning o‘zida bajaradi
Robotning asosiy ustunligi – olti qo‘lning muvofiqlashtirilgan harakati. Masalan, pastki qo‘llar og‘ir yuklarni ko‘tarishi mumkin, yuqori qo‘llar esa shu paytda yig‘ish yoki murvatlarni mahkamlash kabi aniq amallarni bajaradi.
Miro U’ning konnektor tizimi asboblarni bir zumda almashtirishga imkon beradi, shassisi esa 360 daraja o‘q atrofida aylanishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Sanoat uchun maxsus yaratilgan
Miro U kompaniyaning uchinchi avlod robototexnika mahsulotidir, ammo aynan gumanoid sifatida yaratilgan birinchi modeldir. U sanoat jarayonlarini avtomatlashtirish, murakkab yig‘ish ishlari va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun mo‘ljallangan.
Midea vakillarining aytishicha, robot oldingi maishiy yoki tijoriy modellaridan tubdan farq qiladi va supergumanoid kategoriyasiga kiradi.
2025-yil dekabr oyining oxiriga qadar Miro U Midea kompaniyasining Wuxi High-end Washing Machine Factory zavodida sinovdan o‘tkazildi. Robot ishlab chiqarish liniyasini qayta sozlash va moslashtirish jarayonlarini 30 foizga tezlashtirishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan NASA kosmosda manipulyator robotini sinovdan o‘tkazmoqchiligi haqida yozgandi.