
Elektromobillar global transportning yangi bosqichini boshlab berdi. Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda elektromobillar neftga bo‘lgan talabni kuniga 1,3 million barrelga qisqartirdi. Buning eng katta hissasi Xitoy brendlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu maqolada Xitoyning eng kuchli 5 ta elektromobil brendi va ularning asosiy maqsadlari haqida hikoya qilinadi.
BYD

BYD hozirgi kunda Xitoyning eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Kompaniya o‘z faoliyatini 1995-yilda oddiy batareya ishlab chiqarishdan boshlagan bo‘lsa-da, bugungi kunda Tesla bilan hajm bo‘yicha raqobatlasha oladigan darajaga yetdi. BYD’ni boshqalardan ajratib turadigan jihat — to‘liq vertikal integratsiya bo‘lib, kompaniya mashinalaridagi aksar qismlarni, xususan, mashhur Blade Battery akkumulyatorlaridan tortib elektron komponentlargacha o‘zi ishlab chiqaradi. Bu ishlab chiqarish tannarxini keskin pasaytiradi va BYD’ga global bozorlarda juda agressiv narxlar taklif qilish imkonini beradi.
Geely

Geely esa Xitoy elektromobil bozorida boshqacha strategiyani tanlagan. Kompaniya Zeekr, Geometry va boshqa sub-brendlar orqali turli segmentlarga mo‘ljallangan avtomobillarni taklif qiladi. Bu yondashuv Geely’ga deyarli barcha narx kategoriyalarida mustahkam o‘rin egallash imkonini beradi. Bundan tashqari, Geely Volvo, Polestar va Mercedes-Benz’ning ayrim ulushlariga egalik qilgani sababli global bozor tajribasidan keng foydalanmoqda. 2024-yilda kompaniya jahon bozorida 2,7 foiz ulushga erishib, hatto Volkswagen’dan oldinga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
NIO

NIO elektromobillarni nafaqat transport vositasi, balki to‘liq ekotizim sifatida taklif qilayotgan noyob kompaniyalardan biri. Uning asosiy afzalligi batareya almashtirish texnologiyasiga asoslangan Power Swap tarmog‘i bo‘lib, 2025-yil oxiriga kelib Xitoyda 3 400 dan ortiq, Yevropada 59 va BAAda 1 ta stansiya faoliyat yuritmoqda. NIO avtomobillari NOMI sun’iy intellekt yordamchisi bilan jihozlangan bo‘lib, foydalanuvchi odatlarini o‘rganadi va tabiiy muloqotda buyruqlarni bajaradi. Kompaniya egalari uchun mo‘ljallangan NIO House klublari, NIO Life turmush brendi va hatto o‘z smartfonlari ham mavjud. Bu yondashuv NIO‘ni oddiy avtomobil ishlab chiqaruvchidan ko‘ra kengroq texnologik ekotizimga aylantiradi.
XPeng

XPeng esa sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalarni avtomobilga chuqur integratsiya qilayotgan kompaniya sifatida tanilgan. Uning XOS 5.1.0 nomli SI-integratsiyalangan operatsion tizimi, XNet va XBrain kabi avtonom haydash modullari hamda XPeng Turing deb nomlangan 40 yadroli chipi elektromobil bozorida yangi standart yaratmoqda. Kompaniya yaqinda Xitoyda atigi 17 ming dollardan boshlanadigan Mona M03 modelini taqdim etdi. Bu model aqlli haydash texnologiyalariga ega bo‘lgan eng arzon elektromobillardan biri sifatida bozorga katta ta’sir ko‘rsatmoqda.
Li Auto

Li Auto esa to‘liq elektromobillar bilan emas, balki benzinli generator orqali batareyani uzluksiz quvvatlab turuvchi range-extender uslubidagi krossoverlari bilan tanilgan. Bu texnologiya ayniqsa elektr zaryadlash infratuzilmasi sust bo‘lgan hududlar uchun juda mos keladi. Li Auto 2024-yilda 500 mingdan ortiq avtomobil yetkazib berdi va 2025-yil sentabriga kelib umumiy yetkazib berish miqdori 1,4 millionga yetdi. Kompaniyaning asosiy yutug‘i — xaridorlarga to‘liq EV hayotiga o‘tishdan oldin qulay o‘tish bosqichini taklif etishi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2025-yilning eng yaxshi gibrid va elektromobillari e’lon qilingani haqida yozgan edi.