Yandex Rossiyada ilk elektromobilini taqdim etdi

12-dekabr 2025 15:32 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Sinxua

Yandex o‘zining birinchi taksi xizmati uchun mo‘ljallangan Yandex UMO 5 modelini namoyish etdi. Bu avtomobil Xitoyda ishlab chiqariladigan GAC Aion Y Plus krossoverining litsenziyalangan nusxasi bo‘lib, Rossiyada rasmiy ravishda sotilmaydi.

Kompaniya hozirda GAC bilan birgalikda bir nechta zavodlarda yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. UMO 5 ishlab chiqarilishi 2026-yilda boshlanishi mumkin.

Yangi modelning narxi davlat subsidiyasi hisobga olingan holda 2,4 mln rubl ($30 ming) etib belgilangan. To‘rt yillik lizing esa oyiga 69 ming rubl atrofida bo‘ladi. Elektr krossover 204 ot kuchiga ega, old g‘ildirakdan tortuvchi bo‘lib, mavsumga qarab 300 – 430 km masofani bosib o‘tadi. 63 kVt·soat sig‘imli LFP batareya 20 foizdan 80 foizga 30 daqiqada quvvatlanadi.

UMO 5 Yandex tasnifida «komfort+» toifasiga kiradi. Jihozlanishiga 14,6 dyuymli ekranli media tizim, LED-optika, 6 ta xavfsizlik yostiqchasi, 360° kuzatuv kamerasi va to‘liq isitish paketlari kiradi. Kafolat 4 yil yoki 150 ming kmga mo‘ljallangan, xizmat oralig‘i esa 15 ming km.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Yandex Uzbekistan Allplay platformasini xarid qilayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek