
Toshkent shahrida Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) yil yakunlariga bagʻishlangan rasmiy taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston yirik xalqaro sport tadbirlarini yuqori saviyada oʻtkazib kelayotgani tufayli sport olamida mamlakatimizning oʻrni sezilarli darajada mustahkamlanmoqda. FIA marosimining Toshkentda oʻtkazilishi ham aynan shu ishonch va obroʻning yana bir tasdigʻi boʻldi», — deyiladi xabarda.

Foto: MOQ
Taqdirlash marosimi doirasida avtosportning yetti yoʻnalishi boʻyicha chempionlikni qoʻlga kiritgan avtomobillarning asl nusxalari Toshkentga olib kelindi. Tadbir davomida mavsum yakunlariga koʻra yuqori natijalarga erishgan poygachilar va jamoalar tantanali ravishda taqdirlandi.

Marosimning eng muhim voqeasi 2025-yilgi «Formula-1» Jahon chempioni sovrinining «Maklaren» jamoasi poygachisi Lando Norrisga topshirilishi boʻldi. U Abu-Dabida oʻtgan mavsumning soʻnggi bosqichidan bir necha kun oʻtib, rasman 35-jahon chempioni sifatida eʼtirof etildi.

Mavsum yakunlariga koʻra ikkinchi oʻrinni Maks Ferstappen egalladi. U sogʻligʻi bilan bogʻliq sabablarga koʻra marosimda shaxsan qatnasha olmadi, biroq video murojaat orqali Lando Norris va «Maklaren» jamoasini chempionlik bilan tabrikladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Ferrari» piloti Sharl Lekler FIA taqdirlash marosimida qatnashish uchun Toshkentga kelgani haqida xabar bergan edi.