Dollar kursi hafta davomida qanchaga oshdi

AQSh valyutasi so‘nggi kunlarda turlicha dinamiklarni ko‘rsatmoqda. Kursiv Uzbekistan nashri ushbu maqolasi orqali dollar kursi hafta davomida qanchaga oshdi degan savolga javob beradi.
9-dekabr kuni dollar 11 990,09 so‘m etib belgilandi. Bu avvalgi kunga nisbatan 26,86 so‘mga oshgan ko‘rsatkich bo‘ldi. 10-dekabrda esa dollar yana mustahkamlanib, 12 003,18 so‘mga (+13,09 so‘m) yetdi.
Kursdagi o‘sish tendensiyasi 11-dekabr kuni ham davom etdi — AQSh valyutasi 12 020,90 so‘m bo‘lib, kunlik o‘zgarish +17,72 so‘mni tashkil qildi. 12-dekabrda esa dollar 12 047,45 so‘mga chiqib, yana 26,55 so‘mga ko‘tarildi.

Shu tariqa, to‘rt kun ichida dollar umumiy hisobda 57 so‘mdan ortiq oshdi. Mutaxassislar valyuta bozoridagi bunday o‘sishni tashqi bozorlardagi o‘zgarishlar, import xarajatlarining mavsumiy oshishi va global moliyaviy tendensiyalarga bog‘lamoqda.
Jadval:
| Sana | Hafta kuni | Dollar kursi (so‘m) | O‘zgarish |
|---|---|---|---|
| 9-dekabr | Seshanba | 11 990,09 | +26,86 |
| 10-dekabr | Chorshanba | 12 003,18 | +13,09 |
| 11-dekabr | Payshanba | 12 020,90 | +17,72 |
| 12-dekabr | Juma | 12 047,45 | +26,55 |
Valyuta kursi qanday belgilanadi
2025-yilda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri — valyuta kursi. 2026-yilda unga qaysi omillar ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida o‘z mulohazalarini Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov Kursiv Uzbekistan bilan bo‘lishdi.
Valyuta kursini belgilovchi asosiy omillar
Valyuta kursining shakllanishiga bir qancha omillar ta’sir qilishi mumkin. Birinchidan, bu tashqi sektorda kuzatilayotgan vaziyat va bizning tashqi savdo hamkorlarimizdagi holat, ulardagi kurs, inflyatsiya oʻzgarishi va ulardagi umumiy iqtisodiy faollik.
Ikkinchidan, toʻgʻridan toʻgʻri omillar — eksport tushumlari, pul oʻtkazmalaridan tushumlar, xorijiy kredit liniyalari va xorijiy investitsiyalardan tushumlar. Bu oʻz-oʻzidan bozorda taklifni shakllantirib, bozor dinamikasini belgilab beruvchi omillar hisoblanadi.
Shu bilan birga, ichki omillar — kreditlarning hajmi, naqd pul hajmi, pul muomalasidagi oʻzgarishlar, kreditga boʻlgan talab, budjet xarajatlari va umuman valyutaga boʻlgan talab. Mazkur omillar ichki valyuta bozorida talab va taklifni shakllantirib, kurs dinamikasiga ta’sir qiladi.