
Transfermarkt portali Ispaniya La Ligasi futbolchilarining yangilangan transfer narxlarini eʼlon qildi.
Yangilangan jadvalga koʻra, «Real Madrid» hujumchisi Kilian Mbappening transfer qiymati 20 million yevroga oshib, 200 million yevroga yetkazildi. Natijada Mbappe «Barselona» vingeri Lamin Yamal hamda «Manchester Siti» hujumchisi Erling Holandga yetib oldi.
Transfermarkt maʼlumotlariga koʻra, La Liga doirasida Mbappe va Yamal birinchi oʻrinni boʻlishib turibdi. Uchinchi oʻrinda «Real Madrid» yarim himoyachisi Jud Bellingem joylashib, uning bozor qiymati 160 million yevroga teng. Keyingi oʻrinlarda Vinisius Junior (150 million yevro) va Pedri (140 million yevro) qayd etilgan.

La Liganing eng qimmat oʻn futbolchisi orasida besh nafar oʻyinchi «Real Madrid»ga tegishli boʻlib, ularning umumiy qiymati 720 million yevroga baholanmoqda. «Barselona» esa toʻrt nafar futbolchi bilan top roʻyxatda qatnashib, ularning umumiy qiymati 500 million yevroni tashkil etgan.
Ikki granddan tashqari roʻyxatga kirgan yagona futbolchi — «Atletiko Madrid» hujumchisi Xulian Alvares boʻlib, uning transfer qiymati 100 million yevro etib belgilangan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston Superligasi Osiyoning eng qimmat 10 ta ligasi qatoridan joy olgani haqida xabar bergan edi.