Sport

Krishtianu Ronaldu «Forsaj» filmida rol ijro etishi mumkin

Ronaldu
Foto: Liga Portugal

Amerikalik aktyor va prodyuser Vin Dizel Krishtianu Ronaldu «Forsaj» film franshizasida rol ijro etishini ma’lum qildi. Bu haqda aktyor oʻz Instagram sahifasida xabar berdi.

Dizel portugaliyalik futbolchi bilan tushgan suratini eʼlon qilib, Ronaldu uchun franshizada maxsus rol yozilganini ta’kidladi.

«Hamma undan ʼForsajʼ filmida rol oʻynashini soʻragan edi. Aytishim kerakki, u juda zoʻr. Biz unga alohida rol yozib berdik», – deb yozdi Dizel.

Foto: Instagram

Ma’lumot uchun, Vin Dizel avvalroq franshizaning 11-qismi yakuniy boʻlishini ma’lum qilgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, «Forsaj 11» filmining premyerasi 2027-yil aprel oyiga rejalashtirilgan.

Ronaldu besh karra «Oltin toʻp» sohibi, Chempionlar ligasining besh karra gʻolibi va Yevropa chempioni hisoblanadi. Shuningdek, rasmiy uchrashuvlarda eng koʻp gol urgan futbolchi sifatida tarixga kirgan. Ronaldu 2023-yil yanvar oyidan buyon Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubi safida toʻp surmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Krishtianu Ronaldu ispan MMA kompaniyasidan ulush xarid qilgani haqida xabar bergan edi.