Kun tarixi: Yangi Zelandiyaning kashf etilishi, Saddam Husaynning ushlanishi va Teylor Svift tavalludi

eʼlon qilindi
13-dekabrda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Foto: New Zealand

13-dekabr sanasi dunyo bo‘ylab siyosiy o‘zgarishlar, buyuk geografik kashfiyotlar va madaniyat olamidagi yorqin voqealar bilan tarixda qolgan. Yangi yerlarning ochilishidan tortib, kosmik parvozlar va zamonaviy musiqa yulduzlarining tug‘ilishigacha bo‘lgan hodisalar shular jumlasidandir. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

1577-yili britaniyalik dengizchi Frensis Dreyk dunyo bo‘ylab safari uchun jo‘nab ketdi. U «Pelikan» kemasida Plimut portidan yo‘lga chiqib, Tinch okeanini kesib o‘tgan va Yer shari bo‘ylab sayohatni amalga oshirgan ilk ingliz kapitani sifatida tarixga kirdi.

Foto: The Collector

1642-yilda gollandiyalik dengiz sayohatchisi Abel Tasman Yangi Zelandiya orollarini kashf etdi. Uning ekspeditsiyasi janubiy yarimshardagi yangi hududlarni o‘rganish jarayonida ushbu orollarga duch keldi va bu geografik kashfiyotlar tarixida muhim sahifa bo‘ldi.

Foto: Australian museum

1818-yili AQShning 16-prezidenti Avraam Linkolnning rafiqasi Meri Todd Linkoln dunyoga keldi. U AQSh tarixidagi eng taniqli birinchi xonimlardan biri bo‘lib, mamlakat uchun og‘ir bo‘lgan fuqarolar urushi yillarida Oq uyda muhim ijtimoiy vazifalarni bajargan.

Foto: History First

1967-yilda amerikalik iste’dodli aktyor, xonanda va komik Jeymi Foks tavallud topdi. O‘zining ko‘p qirrali ijodi bilan tanilgan Foks «Rey» filmidagi roli uchun nufuzli «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan.

Foto: Los Angeles Times

1972-yili «Apollo 17» missiyasi doirasida astronavtlar Oy sirtiga so‘nggi bor qadam qo‘ydilar. Yujin Sernan va Xarrison Shmitt Oyga tushgan oxirgi insonlar bo‘lib, bu voqea insoniyatning kosmik tadqiqotlarida bir davrning yakunlanishini belgilab berdi.

Foto: Britannica

1989-yilda zamonaviy pop-musiqa yulduzi, amerikalik qo‘shiqchi va bastakor Teylor Svift tavallud topdi. U o‘zining rekord darajadagi ommabop albomlari va sermazmun qo‘shiqlari bilan jahon musiqa sanoatida katta muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.

Foto: People.com

2003-yili Iroqning sobiq prezidenti Saddam Husayn Amerika maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olindi. «Qizil tong» operatsiyasi davomida u Tikrit shahri yaqinidagi yer ostida yashiringan joyidan topilgan va bu voqea Iroqdagi vaziyatning keskin o‘zgarishiga sabab bo‘lgan.

Foto: UPI

2007-yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar rahbarlari Lissabon shartnomasini imzoladilar. Ushbu hujjat Yevropa Ittifoqining institutsional tuzilmasini isloh qilish va tashkilot faoliyatini yanada samaraliroq tashkil etish maqsadida qabul qilingan.

Foto: Macleans.ca

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 12-dekabr sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.

Shuningdek