Oʻzbekistonga xorijdan pul oʻtkazmalari hajmi 25 foizga oshdi

Joriy yilning yanvar – noyabr oylarida Oʻzbekistonga xorijdan kelgan pul oʻtkazmalari hajmi $17,3 mlrdni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga yoki $3,5 mlrdga koʻp. Bu haqda Markaziy bankning Ichki valyuta bozori sharhida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga koʻra, yil davomida pul oʻtkazmalarining oylik hajmi notekis boʻlgan. Eng yuqori koʻrsatkich iyul oyida qayd etilib, oʻsha oyda mamlakatga $1,97 mlrd kirib kelgan. Keyingi oylarda pasayish tendensiyasi kuzatilgan. Xususan, oktabr oyida oʻtkazmalar $1,86 mlrdni tashkil etgan boʻlsa, noyabrda bu koʻrsatkich keskin qisqarib, $1,48 mlrdgacha tushgan.

Shu bilan birga, xalqaro pul oʻtkazmalari orqali Oʻzbekistondan xorijga chiqib ketgan mablagʻlar hajmi $2,4 mlrdni tashkil qildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan $157 mlnga kam boʻlib, chiqimlar qisqarganini koʻrsatadi.
Joʻnatilgan mablagʻlarning asosiy qismi Rossiya hissasiga toʻgʻri kelgan. Xususan, umumiy tushumlarning $6,4 mlrdi Rossiyadan yuborilgan. Qolgan mablagʻlar Qozogʻiston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirgʻiziston, Litva va boshqa davlatlardan kelgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻistondan pul oʻtkazmalari boʻyicha Oʻzbekiston yetakchi ekani haqida xabar bergan edi.