
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 210 mlrd yevrolik aktivlarini muzlatadi, Qanday dorilarni retseptsiz sotib olish mumkin, Avtosport olamining eng kuchlilari Toshkentda taqdirlandi — Kursiv kun davomida e’lon qilingan eng muhim xabarlarni bir joyga jamladi
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 210 mlrd yevrolik aktivlarini muzlatadi

Yevropa Ittifoqi 12-dekabr kuni Rossiya Markaziy bankining Yevropada joylashgan aktivlarini nomaʼlum muddatga muzlatish boʻyicha kelishuvga erishdi.
Ta’kidlanishicha, YI Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga bosqinidan soʻng muzlatilgan 210 milliard yevrolik suveren aktivlarini endilikda har olti oyda qayta ovozga qoʻymasdan, zarurat tugaguncha cheklangan holda saqlashni rejalashtirmoqda. Bu Rossiya agressiyasi YI xavfsizligiga tahdid solayotgan davr davomida amal qiladi.
Qanday dorilarni retseptsiz sotib olish mumkin

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi dorixonalarda shifokor retseptisiz sotilishi mumkin boʻlgan 1846 ta dori vositasi roʻyxatini e’lon qildi. Endi fuqarolar qaysi dorilar erkin sotuvda mavjudligini mustaqil ravishda tekshirish imkoniga ega.
Vazirlik ma’lumotiga koʻra, roʻyxatga kundalik davolashda keng qoʻllaniladigan dorilar kiritilgan. Ular orasida ogʻriq qoldiruvchi va isitma tushiruvchi vositalar, shamollashga qarshi preparatlar, yoʻtal va tomoq uchun dorilar, allergiyaga qarshi dori vositalari, antiseptiklar hamda vitaminlar bor.
Avtosport olamining eng kuchlilari Toshkentda taqdirlandi

Toshkent shahrida Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA)ning yil yakunlariga bagʻishlangan rasmiy taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosim doirasida avtosportning yetti yoʻnalishi boʻyicha chempionlikni qoʻlga kiritgan avtomobillarning asl nusxalari Toshkentga olib kelindi. Tadbir davomida mavsum yakunlariga koʻra yuqori natijalarga erishgan poygachilar va jamoalar tantanali ravishda taqdirlandi.
Krishtianu Ronaldu «Forsaj» filmida rol ijro etishi mumkin

Amerikalik aktyor va prodyuser Vin Dizel Krishtianu Ronaldu «Forsaj» film franshizasida rol ijro etishini ma’lum qildi.
Dizel portugaliyalik futbolchi bilan tushgan suratini eʼlon qilib, Ronaldu uchun franshizada maxsus rol yozilganini ta’kidladi.
«Hamma undan ʼForsajʼ filmida rol oʻynashini soʻragan edi. Aytishim kerakki, u juda zoʻr. Biz unga alohida rol yozib berdik», – deb yozdi Dizel.
Oʻzbekistonga xorijdan pul oʻtkazmalari hajmi 25 foizga oshdi

Joriy yilning yanvar – noyabr oylarida Oʻzbekistonga xorijdan kelgan pul oʻtkazmalari hajmi $17,3 mlrdni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga yoki $3,5 mlrdga koʻp.
Ma’lumotlarga koʻra, yil davomida pul oʻtkazmalarining oylik hajmi notekis boʻlgan. Eng yuqori koʻrsatkich iyul oyida qayd etilib, oʻsha oyda mamlakatga $1,97 mlrd kirib kelgan. Keyingi oylarda pasayish tendensiyasi kuzatilgan. Xususan, oktabr oyida oʻtkazmalar $1,86 mlrdni tashkil etgan boʻlsa, noyabrda bu koʻrsatkich keskin qisqarib, $1,48 mlrdgacha tushgan.