Ukrainaning 2027-yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi imkonsizligi aytildi

13-dekabr 2025 14:58 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Alisher Usmonov
Foto: Guillaume Perigois / Unsplash

AQShga taqdim etilgan Ukrainadagi mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha variantda mamlakatning 2027-yil 1-yanvargacha Yevropa Ittifoqiga qoʻshilishi nazarda tutilgan. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Nashr maʼlumotiga koʻra, Bryussel Kiyevning Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlish intilishlarini siyosiy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi. Biroq Ukrainani qisqa muddat ichida YIga qabul qilish amaldagi aʼzolik tartib-qoidalarini tubdan qayta koʻrib chiqishni talab qiladi.

Reutersʼga izoh bergan ismi oshkor etilmagan yevropalik rasmiy va diplomatlar esa Ukrainaning 2027-yilgacha Yevropa Ittifoqiga qoʻshilishi mutlaqo imkonsiz ekanini taʼkidlagan. Ularning fikricha, Kiyev YIga aʼzolik uchun belgilangan texnik va huquqiy mezonlarning katta qismini hali bajarmagan.

Avvalroq Yevrokomissiya Ukrainani Yevropa Ittifoqiga qabul qilish boʻyicha muzokaralarni 2024-yilda boshlashni taklif qilgan edi. Biroq bu tashabbus Vengriya tomonidan veto qoʻyilishi sababli amalga oshmay qoldi. Manbalarga koʻra, Ukrainani tezkor qabul qilish masalasi nafaqat texnik, balki siyosiy jihatdan ham Yevropa Ittifoqi ichida jiddiy bahs-munozaralarga sabab boʻlib qolmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 210 mlrd yevrolik aktivlarini muzlatishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek