Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 210 mlrd yevrolik aktivlarini muzlatadi

eʼlon qilindi
Yakuniy qarorni 18-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan Yevropa Kengashi yigʻilishida qabul qilishi kutilmoqda
Yevropa Ittifoqi
Foto: OCED

Yevropa Ittifoqi 12-dekabr kuni Rossiya Markaziy bankining Yevropada joylashgan aktivlarini nomaʼlum muddatga muzlatish boʻyicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, YI Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga bosqinidan soʻng muzlatilgan 210 milliard yevrolik suveren aktivlarini endilikda har olti oyda qayta ovozga qoʻymasdan, zarurat tugaguncha cheklangan holda saqlashni rejalashtirmoqda. Bu Rossiya agressiyasi YI xavfsizligiga tahdid solayotgan davr davomida amal qiladi.

Avvalgi tartibga koʻra, aktivlarni muzlatish har olti oyda uzaytirilib kelinar edi. Endi esa ushbu amaliyot avtomatik davom etadi. Bu qaror Vengriya va Slovakiya kabi Rossiya bilan nisbatan yaqin aloqaga ega davlatlarning kelajakda muzlatishni uzaytirishga qarshi chiqish ehtimolini yoʻqqa chiqaradi. Shu orqali mablagʻlarning Moskvaga qaytarilishi xavfi bartaraf etiladi.

Aktivlarni nomaʼlum muddatga muzlatish qarori YIning Ukrainaga 165 milliard yevrogacha kredit ajratish rejasi bilan bevosita bogʻliq. Mazkur kredit 2026–2027-yillarda Ukrainaning harbiy va fuqarolik budjet xarajatlarini qoplash uchun moʻljallangan.

Ushbu kredit Rossiya Ukrainaga urush zararlarini toʻlaganidan keyingina qaytariladi. Shu sababli YI rasmiylari bu mexanizmni Rossiyaning kelajakdagi reparatsiyalarini oldindan moliyalashtirish sifatida baholamoqda.

YI yetakchilari kredit boʻyicha yakuniy qarorni 18-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan Yevropa Kengashi yigʻilishida qabul qilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan YI 2027-yilgacha Rossiya gazidan toʻliq voz kechish boʻyicha kelishuvga erishgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek