
Chevrolet Damas O‘zbekiston avtomobil bozorida alohida o‘rin egallagan avtomobillardan biri hisoblanadi. Kichik o‘lchamlariga qaramay ushbu model keng imkoniyatlarga ega. Yillar davomida Damas minglab haydovchilar uchun ishonchli transport vositasiga aylangan. Ayniqsa, kichik biznes egalari, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotganlar uchun u daromad keltiruvchi muhim yordamchi vazifasini bajaradi. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Damas avtomobilini sotib olish uchun 5 ta asosiy sabab keltiriladi.
Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
- Ixcham va boshqarishda qulay dizayn;
- Arzon narx va yoqilg‘i tejamkorligi;
- Oson xizmat ko‘rsatish va arzon ehtiyot qismlar;
- Mashhurlik va keng tarqalganlik;
- Ko‘p maqsadli foydalanish imkoniyati.
Ixcham va boshqarishda qulay dizayn
Chevrolet Damas ixcham o‘lchamlari bilan shahar sharoitida juda qulay hisoblanadi. Uning uzunligi 3,84 metr, kengligi esa 1,40 metrni tashkil etadi. Shu sababli avtomobil tor ko‘chalar va zich harakatlanadigan hududlarda bemalol harakatlana oladi. Parkovka masalasi ham deyarli muammo tug‘dirmaydi. Mashina baland bo‘lishiga qaramay, og‘irlik markazining past joylashuvi burilishlarda barqarorlikni ta’minlaydi. Bu esa haydovchi uchun qo‘shimcha ishonch bag‘ishlaydi.

Arzon narx va yoqilg‘i tejamkorligi
Chevrolet Damas O‘zbekiston bozoridagi eng hamyonbop avtomobillardan biri hisoblanadi. 2025-yil holatiga ko‘ra, yangi Damas narxi 93 mln so‘mdan boshlanadi. Eng yuqori komplektatsiyadagi versiyalari ham 100 mln so‘m atrofida bo‘lib, bu ko‘plab raqib modellarga nisbatan ancha arzon. Import mikroavtobuslar bojxona va boshqa xarajatlar sabab qimmatlashgan bir paytda, Damas deyarli raqobatchisiz qolmoqda. Bu uni oila budjeti va kichik biznes uchun moliyaviy jihatdan maqbul tanlovga aylantiradi.

Shuningdek, avtomobilning yoqilg‘i sarfi ham tejamkor. 0,8 litrli dvigatel shahar tashqarisida 100 km ga o‘rtacha 6,5-7,8 litr, shahar ichida esa 8-9 litr benzin sarflaydi. Damas oddiy AI-91 rusumli benzin bilan ishlaydi va qimmat yonilg‘ini talab qilmaydi. Bu esa kundalik ekspluatatsiya xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Oson xizmat ko‘rsatish va arzon ehtiyot qismlar
Damas’ning texnik tuzilmasi sodda va ishonchli. Ushbu model 1996-yildan buyon O‘zbekistonda ishlab chiqarib kelinayotgani sababli, mahalliy ustalar uning konstruksiyasini yaxshi biladi. Murakkab elektron tizimlarning yo‘qligi ta’mirlash jarayonini yengillashtiradi. Avtomobilni hatto kichik ustaxonalarda ham tez va oson sozlash mumkin.
Ehtiyot qismlar masalasida ham muammo yo‘q. Damas uchun zarur bo‘lgan ko‘plab butlovchi qismlar mamlakat ichida ishlab chiqariladi. Bozorlarda va do‘konlarda ularni oson topish mumkin, narxlari hamyonbop. Natijada servis va ta’mirlash xarajatlari minimal darajada qoladi. Bu esa avtomobil egasi uchun katta qulaylikdir.

Mashhurlik va keng tarqalganlik
Chevrolet Damas yillar davomida O‘zbekistonda eng ommabop avtomobillardan biri bo‘lib kelmoqda. Ko‘chalarda ushbu mikroavtobusni tez-tez uchratish mumkin. Bu holat uning ishonchliligi va amaliy ekanini ko‘rsatadi. Bir vaqtlar mamlakat bo‘ylab o‘n minglab Damas avtomobillari yo‘lovchi tashish xizmatlarida faol foydalanilgani modelga bo‘lgan ishonch naqadar yuqori ekanini tasdiqlaydi.
Arzon narx, tejamkorlik va qulaylik Damas’ga bo‘lgan talabni doimiy yuqori darajada ushlab turmoqda. Hatto yangi avtomobil sotib olish uchun navbatlar paydo bo‘lishi ham uning bozordagi mustahkam o‘rnidan dalolat beradi. 1990-yillardan buyon uzluksiz ishlab chiqarilib kelinayotgani va yangilangan versiyalarning taqdim etilishi modelning dolzarbligini saqlab qolayotganini ko‘rsatadi.

Ko‘p maqsadli foydalanish imkoniyati
Chevrolet Damas’ning eng katta ustunliklaridan biri uning ko‘p qirrali ekanidir. Avtomobil bir vaqtning o‘zida ham yo‘lovchi tashish, ham yuk tashish vazifasini bajaradi. Salonida 7 nafargacha yo‘lovchi joylashishi mumkin. Bu uni katta oilalar uchun ham qulay transport vositasiga aylantiradi. O‘rindiqlarni yig‘ishtirish yoki furgon talqinini tanlash orqali Damas yuk tashishga moslashtiriladi. Yuk furgoni versiyasi 560 kg gacha yuk ko‘tara oladi.
Savdo, yetkazib berish, fermerlik va xizmat ko‘rsatish sohalarida ushbu avtomobil keng qo‘llaniladi. Tor va notekis yo‘llarga mosligi uni shahar va qishloq sharoitida birdek qulay qiladi. Hatto Damas bazasida tez yordam mashinalari ishlab chiqarilishi ham uning universalligini tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas tez eskirmasligi uchun nima qilish kerakligi haqida yozgan edi.