Donald Tramp Tailand va Kambodjaga boj solish bilan tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Tailand va Kambodjani harbiy harakatlarni to‘xtatmasa, yangi bojlar joriy etish bilan tahdid qildi. Bu haqda u The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Tramp bojlarni tashqi siyosatda muhim vosita deb hisoblaydi. Prezident intervyu vaqtida Tailand va Kambodja bilan bog‘liq keskinlikni bartaraf etish uchun bojlar masalasini muhokama qilganini aytdi. U agar urush davom etsa, mavjud savdo kelishuvlarini bekor qilishini va ushbu davlatlarga nisbatan bojlar joriy etishini bildirgan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, intervyu juma kuni yozib olingan. Tramp shu kuni Tailand va Kambodja bosh vazirlari Anutin Charnvirakul va Hun Manet bilan telefon orqali muloqot qilgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar 24 soat ichida harbiy harakatlarni to‘xtatish va tinchlik kelishuvlariga qaytishga rozi bo‘lgan. Biroq shundan keyin ham to‘qnashuvlar davom etgani aytildi.
Tramp, shuningdek, agar AQSh Oliy sudi ayrim bojlarni noqonuniy deb topsa, bu AQSh uchun yomon holat bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga, u bunday vaziyatda ham yangi bojlar joriy etish uchun huquqiy asos topishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tailand Kambodjadagi harbiy obyektlarga havo zarbasi bergani haqida yozgan edi.