Germaniyada samolyot gavjum ko‘chaga favqulodda qo‘ndi

Germaniyaning Manxaym shahrida yengil motorli samolyot favqulod tarzda gavjum ko‘chaga qo‘ndi. Bu haqda Tagesschau portali xabar berdi. Hodisa shahar markazidagi asosiy yong‘in deposi yaqinida sodir bo‘lgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, samolyot to‘g‘ridan to‘g‘ri avtomobillar qatnovi kuchli bo‘lgan yo‘lga qo‘ngan. Samolyot eshigi ochilmagani sababli qutqaruvchilar bortdagi uch nafar yo‘lovchini majburan chiqarishga majbur bo‘lgan.
Samolyotda 23 yoshli uchuvchi, uning tengdoshi bo‘lgan hamrohi va 37 yoshli erkak bo‘lgan. Uchuvchi og‘ir tan jarohati olgan. Qolgan ikki yo‘lovchi yengil jarohatlar bilan qutulgan. Ularning barchasi shifoxonaga yetkazilgan.
Dastlabki baholashlarga ko‘ra, samolyotga yetkazilgan zarar taxminan 400 ming yevroni tashkil etadi. Hodisa tufayli yo‘l harakati vaqtincha to‘xtatilgan. Ushbu hudud kechqurungacha yopiq qolgan.
Samolyot maxsus texnika yordamida olib ketilgan. Shundan so‘ng yo‘lni tozalash ishlari boshlangan. Yong‘in xavfi sababli o‘t o‘chiruvchilar hodisa joyida navbatchilikni davom ettirgan.
Voqeaning aniq sabablari hozircha aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xorvatiyada Turkiyaga tegishli yong‘in samolyoti qulab tushgani haqida yozgan edi.