
Yangi taqdim etiladigan OnePlus 15R smartfoni haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi. Yangi model seriya tarixidagi eng ilg‘or old kamera bilan ta’minlanadi.
15R 32 megapikselli avtofokusli selfi-kameraga ega bo‘ladi. Bu R seriyasidagi eng kuchli old kamera hisoblanadi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilgi OnePlus 13R’da 16 megapikselli kamera qo‘llanilgan edi.
Yangi old kamera 4K formatda soniyasiga 30 kadr tezlikda video yozib oladi. Avvalgi modelda bu ko‘rsatkich 1080p bilan cheklangan edi. Qurilmada DetailMax Engine texnologiyasi ham mavjud bo‘lib, u hisoblash fotografiyasi orqali surat sifatini yaxshilaydi.
15R old kamera imkoniyatlari bo‘yicha asosiy OnePlus 15 modeliga yaqinlashadi. OnePlus 15’da Sony IMX709 sensori ishlatiladi. OnePlus 15R’da esa OmniVision sensori qo‘llanishi kutilmoqda.
Smartfon 1,5K aniqlikdagi va 165 Hz yangilanish tezligiga ega ekran bilan jihozlanadi. Qurilma Snapdragon 8 Gen 5 protsessori asosida ishlaydi. Akkumulyator sig‘imi 7400 mA/soatni tashkil etadi va 80 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
OnePlus 15R OxygenOS 16 operatsion tizimida ishlaydi. Asosiy kamera 50 megapikselli bo‘lib, 4K formatda 120 kadr tezlikda video yozish imkonini beradi. Korpus chang va suvdan himoyalangan bo‘lib, IP68 va IP69 standartlariga javob beradi.
Smartfon qora, yashil va binafsha ranglarda taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri OnePlus 17-dekabrda Pad Go 2 planshetini taqdim etishi haqida yozgan edi.