Surxondaryo va Namanganda pora bilan bog‘liq uchta holat fosh etildi

eʼlon qilindi
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda
Foto: Ijtimoiy tarmoq

Surxondaryo va Namangan viloyatlarida pora bilan bog‘liq uchta holat fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

DXX hamda Surxondaryo viloyati prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor xodimi noqonuniy ravishda $400 olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, u xizmat mavqeyidan foydalanib, Termiz tumanida yashovchi fuqaroning $20 ming pul mablag‘ini deklaratsiya hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, tanishlari orqali «Sariosiyo» chegara bojxona posti orqali Tojikiston Respublikasiga olib o‘tib berishni va’da qilgan.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 25, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Namangan viloyatida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda DXX viloyat boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari tomonidan tumanlardan biridagi Kadastr bo‘limi boshlig‘i ushlandi. U mahalliy fuqaroga tegishli oziq-ovqat do‘koni oldiga qurilgan bostirma uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 5 mln so‘m talab qilib, 3 mln so‘m olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energo savdo» filialining Namangan bo‘linmasi Kosonsoy tumanidagi yuriskonsulti mahalliy fuqarodan $2 ming pora olayotgan vaqtida ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, u fuqaroning yashash xonadonida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati aniqlangani bo‘yicha chiqarilgan 28,6 mln so‘m jarimani elektron tizimga kiritmasdan bekor etib berishni va’da qilgan.

Mazkur holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda tadbirkordan pora olgan ikki soliq inspektoriga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek