Toshkentda 57 yoshli erkak onasini o‘ldirgani uchun 15 yilga qamaldi

eʼlon qilindi
Hodisa erkak kuchli spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan paytda sodir bo‘lgan
Foto: Pexels

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida 57 yoshli erkak 77 yoshli onasini o‘ldirgani uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Hodisa erkak kuchli spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan paytda sodir bo‘lgan.

Toshkent shahar sudlarining Telegramda bergan ma’lumotiga ko‘ra, erkak onasiga bir necha bor qo‘l va oyoqlari bilan zarba bergan hamda uni bo‘g‘ib qo‘ygan. Ayol og‘ir tan jarohatlari olgan. Qovurg‘alar sinishi va miya shikastlanishi qayd etilgan.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, fojiaga oilaviy kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan. Erkak Rossiyaga ko‘chib ketishni rejalashtirgan. U yerda uning sobiq rafiqasi va qizi yashaydi. Onasi bu rejalarga qat’iy qarshi chiqqan va bu holat janjalga sabab bo‘lgan. Oiladagi uzoq davom etgan keskin munosabatlar oxir-oqibat fojia bilan yakunlangan.

Sud majlisida ayblanuvchi aybini qisman tan olgan. U ayrim voqealarni eslay olmasligini bildirgan. Biroq ekspertiza xulosalari, guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar uning aybini to‘liq tasdiqlagan.

Sud qaroriga ko‘ra, erkak 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi. Shuningdek, unga majburiy davolanish ham belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda kelinning uyini 240 ming dollarga sotib yuborgan bo‘lajak kuyov 9 yilga qamalgani haqida yozgan edi.

Shuningdek