Turkiyada «Gryaz» laqabli jinoiy uyushma yetakchisi ushlandi

Og‘ir jinoyatlarda ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan «Gryaz» laqabli jinoiy uyushma yetakchisi O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Uning qo‘lga olinishi va vataniga qaytarilishi 5-dekabr kuni Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi hamkorligida amalga oshirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxs 2023-yilda Toshkent shahrining Yashnobod tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan qidiruvga berilgan.
Unga nisbatan bir nechta jinoyat moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Ular orasida o‘ldirish bilan tahdid qilish, bosqinchilik, tovlamachilik, mulkka qasddan zarar yetkazish hamda jinoiy uyushma tashkil etish ayblovlari bor.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ozarbayjon Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 1982-yilda tug‘ilgan fuqaro Amonbek Yusupovni jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovini qanoatlantirgani haqida yozgan edi.