
Xiaomi kompaniyasi yangi foto-flagman Xiaomi 17 Ultra smartfonini kelasi dushanba kuni, 15-dekabr sanasida rasman taqdim etadi. Qurilma savdosi Xitoyda 25-dekabr kuni boshlanishi kutilmoqda.
Xiaomi 17 Ultra Snapdragon 8 Ultra Gen 5 protsessori bilan jihozlanadi. U mazkur platformada 1 dyuymli kamera sensori o‘rnatilgan yagona flagman bo‘lishi aytilmoqda. Smartfon tekis displeyga ega bo‘ladi. Ekranda energiya sarfini kamaytiruvchi va 2K dan yuqori aniqlikni ta’minlovchi yangi texnologiya qo‘llanadi. Qurilmada ekran ostiga joylashtirilgan ultratovushli barmoq izi skaneri ham bo‘ladi.
Yangi flagman taxminan 7000 mA/soat sig‘imli batareya bilan ta’minlanadi. Sim orqali quvvatlash quvvati 100 Vtni, simsiz quvvatlash esa 80 Vtni tashkil etadi. Smartfon IP68 darajasida suv va changdan himoyalangan bo‘ladi.
Kamera tizimi uch moduldan iborat bo‘ladi. Asosiy kamera 1 dyuymli OmniVision OV50X sensori asosidagi 50 megapikselli moduldir. Shuningdek, 50 megapikselli keng burchakli kamera va 5 karra optik zumga ega 200 megapikselli modul ham taqdim etiladi.
Taqdimot doirasida Xiaomi’ning ilk uy uchun mo‘ljallangan tarmoq xotira qurilmasi ham namoyish etilishi kutilmoqda. Insayder ma’lumotiga ko‘ra, Xiaomi NAS 2,5 va 3,5 dyuymli SATA qattiq disklarini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma Android, iOS, Windows, macOS va Linux tizimlari bilan mos ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi ChatGPT’ga raqobatdosh bo‘ladigan yangi sun’iy intellektni taqdim etgani haqida yozgan edi.