2027-yili O‘zbekistonda o‘tkaziladigan U-20 Jahon chempionati bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi

O‘zbekiston prezidenti 2027-yilda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tuzildi hamda chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Tashkiliy qo‘mita Jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Musobaqa obyektlarining infratuzilmasi yaxshilanadi, stadionlar va mashg‘ulot maydonlari zamonaviy talablarga moslashtiriladi. Shuningdek, ishtirokchilarning kelib-ketishi, viza masalalari, transport, tibbiy xizmat, volontyorlar faoliyati hamda uzluksiz elektr ta’minoti ta’minlanadi.
Musobaqa kunlari akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar va chipta egalari uchun Toshkent va Yangi Toshkent yo‘nalishida maxsus avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi hamda jamoat transportidan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Sport vazirligi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga uch oy muddatda musobaqa bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini tayyorlaydi. Shuningdek, 2026-yil 1-mayga qadar FIFA bilan erishilgan kelishuvlar asosida Jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish uchun FIFA, uning hamkorlari, mahalliy ishchi guruh, tadbirkorlar va muxlislar uchun beriladigan qulaylik hamda imtiyozlarni nazarda tutuvchi hujjat loyihasi Hukumatga kiritiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun zarur mablag‘lar 2026–2027-yillar Davlat budjetida ko‘zda tutilishini ta’minlaydi.
Avvalroq Messining Hindistonga safarida katta tartibsizliklar yuzaga kelgani xabar qilingandi. Argentina futbol yulduzi Lionel Messi Hindistonga safari davomida «Salt Lake» stadionida yuzaga kelgan tartibsizliklar tufayli qisqa muddatli tashrif bilan cheklanishga majbur bo‘ldi.