Ajr Qora-Sedana mahsuloti tarkibi reklama bilan mos kelmasligi aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi Ajr Qora-Sedana biologik faol qo‘shimchasi (BFQ) reklamasida qonunbuzarliklar aniqlagani uchun mahsulotni ishlab chiqaruvchi Sanno TM Ocean MChJga moliyaviy jarima qo‘lladi. Bu haqda qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan reklama roliklari va postlarda mahsulot turli kasalliklarni davolashda samarali vosita sifatida asossiz targ‘ib qilingan. Xususan, BFQ oshqozon kasalliklari, qandli diabet, insult va infarkt xavfini kamaytirish, shuningdek, nafas yo‘llari kasalliklari, yo‘tal va shamollashga qarshi foydali ekani ta’kidlangan.
Bundan tashqari, bir qator mashhur shaxslar ishtirokidagi reklamalarda mahsulotning go‘yoki davolovchi xususiyatlarga ega ekani haqida jamoatchilikda noto‘g‘ri tasavvur shakllantirilgani qayd etilgan.
Sanepidqo‘mita Raqobat qo‘mitasi so‘rovi asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida mahsulot yo‘riqnomasida keltirilgan ma’lumotlar reklamalarda bayon etilgan xususiyatlarga mos kelmasligini bildirgan. Shuningdek, mutasaddi idora BFQlar dori vositasi emasligi va davolash xususiyatiga ega emasligini eslatgan.
Qo‘mita BFQ reklamasida mahsulotni dori sifatida talqin qilish, davolanganlik misollarini keltirish, foydalanuvchilar minnatdorligini namoyish etish, bolalar obrazidan foydalanish hamda rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanganini yana bir bor eslatdi.
Mazkur holatlar asosida qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan Sanno TM Ocean MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda jarima qo‘llanildi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchiga qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Umra reklamalarida qonunni buzgan turoperatorlarga jarima qo‘llangani haqida yozgandi.