Andijon va Samarqandda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosiga chek qo‘yildi

Andijon va Samarqand viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullangan bir nechta shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Andijonda uch fuqaro (ulardan biri ilgari sudlangan) kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni sotayotgan vaqtida ushlandi. Ularning yonidan 11 dona «Tropikamid», 45 dona «Regapen» va 1,85 gramm «Gashish» moddalari topildi hamda ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, Samarqandda yana bir fuqaro boshqasiga 32 dona «Torgobalin 150 mg» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dorini sotayotgan vaqtida ushlandi. Undan 40 dona «Gee Baralgin» dori vositasi ham ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 251¹ va 276-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergovga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida narkolaboratoriya tashkil etgan shaxslar ushlangan edi.