Biz oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatmiz — Saida Mirziyoyeva

O‘zbekiston oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat sifatida bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirdi. Bu haqda prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mas’ul rahbarlar bilan o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, zo‘ravonlik holatlariga tezkor chora ko‘rishning samarali tizimini ishlab chiqish zarurati ta’kidlandi. Mirziyoyevaning bildirishicha, ko‘pincha haqiqiy ahvol ko‘zga ko‘rinmaydi va ko‘p narsa yashiriladi. Statistikani oshkor qilishdan, tanqidga duch kelishdan yoki obro‘ yo‘qotilishidan qo‘rqish, muammoni hal qilishni kechiktiradi.

Mas’ul rahbarlar bilan ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonlikka qarshi kurashish, erta homiladorlikning oldini olish choralari kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Saida Mirziyoyeva barcha mas’ul rahbarlarni suhbatdan tegishli xulosa chiqarishga chaqirdi.
Rahbarning ta’kidlashicha, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash, ayollar va bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish faqat so‘zda emas, amalda namoyon bo‘lishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyevaning Rim Papasi Lev XIV bilan uchrashgani haqida xabar bergan edik.