BMW elektromobillari Tesla Supercharger tarmog‘iga ulandi

15-dekabr 2025 09:15 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: BMW

AQSh hududida BMW elektromobillari Tesla Supercharger tarmog‘iga ulandi. Bu haqda kompaniyaning o‘zi ma’lum qildi.

So‘nggi bir yil ichida ko‘plab avtomobil ishlab chiqaruvchilar ushbu tarmoqqa ulangan bo‘lsa-da, BMW bu jarayonga eng oxirgi qo‘shilgan yirik brendlardan biri bo‘ldi.

BMW bu kelishuv haqida 2023-yilda ma’lum qilgan edi. Biroq texnik masalalar sabab elektromobillarni Tesla Supercharger’ga ulash faqat hozir amalga oshirildi. Dastlabki bosqichda quvvatlash uchun Lectron adapteridan foydalanish talab etiladi. Ushbu adapterga havolani kompaniyaning o‘zi maxsus tushuntiruvchi video orqali taqdim etgan.

How To Charge At Tesla Superchargers | BMW How-To

Boshlang‘ich davrda Tesla Supercharger tarmog‘i BMW’ning barcha elektromobillarida ishlamaydi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, BMW iX 2026-yilgi modeli hamda BMW i5 xDrive40 va eDrive40 2026-yilgi versiyalari masofadan dasturiy ta’minot yangilanishini 2026-yil bahorida oladi. Shu bilan birga, ayrim BMW iX va i4 modellari allaqachon 11/2025.30 raqamli yangilanishni ola boshlagan. Aynan shu yangilanish Supercharger’lardan to‘liq foydalanish uchun zarur.

BMW, shuningdek, kelajakda NACS standartidagi o‘z quvvatlash portlarini joriy etish muddatlarini ham aniqlashtirdi. Bu adapterga bo‘lgan ehtiyojni butunlay yo‘q qiladi. Ushbu jarayon BMW i5 M60 2026-yilgi modelidan boshlanadi. Keyingi bosqichda yil davomida boshqa elektromobillar, jumladan, Tesla Model Y’ning qimmatroq versiyalariga raqobatchi bo‘lishi kutilayotgan Neue Klasse iX3 ham yangi port bilan ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyning eng kuchli 5 ta elektromobil brendi haqida yozgan edi.

Shuningdek