
Braziliyada 1990-yillar ramziga aylangan Chevrolet Omega CD sedani rekord narxda sotildi. Bu haqda Tarantas News nashri xabar berdi.
1994-yilda ishlab chiqarilgan, to‘liq restavratsiyadan o‘tgan avtomobil auksionda qariyb $81 mingga baholandi. General Motors kompaniyasining ma’lum qilishicha, ushbu avtomobil Chevrolet Vintage loyihasi doirasida sotilgan ilk model bo‘ldi. Omega CD 6-dekabr kuni Braziliyadagi CARDE muzeyida gibrid – jonli va onlayn formatdagi auksionda savdoga chiqarildi.
Mazkur nusxa Braziliya bozori uchun ishlab chiqarilgan eng nufuzli sedanlardan biri hisoblanadi. Uning qiymatini yanada oshirgan jihat – Irmscher zavod paketi bo‘lib, u dvigatel hajmini 3,0 litrdan 3,6 litrga oshirgan va avtomobil dinamikasini sezilarli darajada yaxshilagan. 1990-yillarda bunday versiyalar haqiqiy orzu mashinasi sanalgan.
Savdo jarayonida 80 dan ortiq taklif berilgan. Yakuniy narx 437,5 ming Braziliya realini tashkil etib, bu joriy kurs bo‘yicha $80,850 ga teng. O‘z vaqtida biznes-klass sedani bo‘lgan model uchun bu natija juda yuqori baho sifatida qayd etildi.
Auksiondan tushgan barcha mablag‘lar General Motors instituti orqali Braziliyadagi ijtimoiy va ta’lim loyihalariga yo‘naltiriladi. Avtomobil xaridori esa nafaqat sedan, balki Chevrolet Vintage tomonidan berilgan rasmiy restavratsiya sertifikati hamda GM’ning Kruz-Alta shahridagi poligonida avtomobilni sinovdan o‘tkazish imkoniyatini ham qo‘lga kiritdi.
Chevrolet Omega CD GM rejasiga ko‘ra, Chevrolet Vintage dasturi doirasida sotilishi rejalashtirilgan 10 ta klassik avtomobilning birinchisi hisoblanadi. Loyiha kompaniyaning Braziliyadagi 100 yilligi munosabati bilan ishga tushirilgan bo‘lib, brendning avtomobil merosini saqlab qolishga qaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM Chevrolet Express Max EV elektr furgonini taqdim etgani haqida yozgandi.