
Disney’ning «Hayvonlar shahri 2» («Zootopia 2») multfilmi namoyish boshlanganiga atigi 17 kun bo‘lishiga qaramay, $1 milliardlik daromad chegarasidan oshdi.
The Hollywood Reporter nashriga ko‘ra, bu natija uni PG reytingidagi filmlar va animatsion kartinalar orasida eng tez $1 milliardga yetgan filmga aylantirdi.
Hozircha u 2025-yilda bunday natijaga erishgan ikkinchi film, bundan avvalgi rekord «Lilo & Stitch»ga tegishli. «Hayvonlar shahri 2» AQShda $259,6 million, xorijda esa $877,8 million ishlab topib, umumiy daromadini $1,08 milliardga yetkazdi.
Disney Animation ijodiy rahbari Jared Bushning aytishicha, bu muvaffaqiyat tomoshabinlarning yana kinoteatrlarga qaytayotganini ko‘rsatadi va film jamoasi uchun katta rag‘bat.
Oldinda yangi yil ta’tili borligi sababli, mutaxassislar «Hayvonlar shahri 2» daromadi yanada oshishini kutmoqda. Yil oxiridagi eng yirik raqib esa «Avatar: olov va kul» («Avatar: Fire and Ash») filmi bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Shogird» filmi haqida ma’lumot bergandi.