
1950-yillarda asos solingan ispan Santana avtomobil brendi yana bozorga qaytmoqda. Autohome ma’lumotiga ko‘ra, brend Xitoy va Yaponiya kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma loyiha doirasida ilk pikap modellarining texnik xususiyatlari va narxlarini tasdiqladi.
Ta’kidlanishicha, yangi Santana modellari Nissan Frontier Pro bilan bir xil platformada ishlab chiqariladi. Santana o‘z faoliyatini 1958-yilda Land Rover avtomobillarini litsenziya asosida ishlab chiqarishdan boshlagan. 1986-yildan Suzuki Jimny modellarini yig‘gan. Keyinchalik o‘zining yo‘ltanlamas avtomobillarini ham ishlab chiqargan va harbiy buyurtmalar olgan. Biroq savdoning pasayishi va moliyaviy muammolar sabab 2011-yilda ishlab chiqarish to‘xtatilgan edi.

Qayta tiklanish jarayonida dastlab ikki model taqdim etiladi. Ular Santana 400D dizel va Santana 400 PHEV plagin-gibrid pikaplari hisoblanadi. Ikkala avtomobil ham Zhengzhou Nissan qo‘shma korxonasi ishlab chiqarayotgan Dongfeng Z9 platformasiga asoslangan. Dizayn va salon to‘liq Z9 bilan bir xil. Markaziy konsolda 14,6 dyuymli sensorli ekran, isitiluvchi va shamollatiluvchi o‘rindiqlar hamda haydovchiga yordam beruvchi tizimlar mavjud.
Santana 400D 2,3 litrli turbo dizel dvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 190 ot kuchini, aylanish momenti esa 500 Nmni tashkil etadi. Uzatma sifatida 6 pog‘onali mexanik yoki 8 pog‘onali avtomat quti taklif etiladi. Ushbu model narxi 370 300 yuan, bu taxminan $47,1 mingga teng.

Santana 400 PHEV esa 1,5 litrli turbo benzin dvigateli va elektr tizim kombinatsiyasiga ega. Umumiy quvvat 315 kVt, aylanish momenti 800 Nmni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soatgacha 6,5 soniyada tezlashadi. Faqat elektr rejimida yurish masofasi 120 kmni tashkil etadi. Ushbu model narxi 247 700 yuan, taxminan $29,9 ming.
Shuningdek, BAIC kompaniyasi ham loyiha doirasida ishtirok etadi. 2026-yil o‘rtalaridan boshlab BAIC BJ40 va BJ30 yo‘ltanlamas modellari yig‘ila boshlaydi. Kelajakda esa BAIC platformalari asosida faqat Santana uchun mo‘ljallangan yangi avtomobillar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Nissan Frontier Pro ham aynan shu Dongfeng Z9 platformasiga asoslangan Nissan brendidagi model hisoblanadi. Qayta brendlashgan Santana pikaplari va kelajakdagi BAIC asosidagi modellar Yevropa va Xitoyning off-road bozoriga chiqadi. Narx va texnik ko‘rsatkichlar esa Ford Ranger kabi mashhur raqobatchilarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nissan Frontier Pro pikapi taqdim etilgani haqida yozgan edi.