Jahon banki O‘zbekiston infratuzilmasini yaxshilash uchun 250 mln dollar ajratadi

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda munitsipal infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun $250 mlnlik moliyalashtirish paketini ma’qulladi. Bu haqda Jahon banki Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
«Shaharlarda yashash va unumdorlikni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish» (LPCP) dasturi Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlari hamda respublika bo‘yicha yana 14 ta tumanni, jumladan, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘,Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot va Hazorasp kabi hududlarni qamrab oladi.
Loyiha doirasida suv ta’minoti, kanalizatsiya, yo‘llar, maktablar va jamoat joylari kabi infratuzilma obyektlari yangilanadi. 2030-yilga borib, ushbu chora-tadbirlar natijasida 300 ming kishining transport xizmatlaridan va 400 ming kishining jamoat bog‘laridan foydalanish imkoniyati yaxshilanishi kutilmoqda.
Dastur Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda mahalliy hokimiyat organlari hamkorligida amalga oshiriladi. Loyihalar fuqarolarning bevosita ishtirokida ishlab chiqiladigan investitsiya rejalariga asoslanadi. Infratuzilma loyihalarini amalga oshirish jarayonida qurilish sohasida 10 mingga yaqin vaqtinchalik ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahon banki O‘zbekiston talabalari uchun 250 million dollar ajratishi haqida xabar bergan edi.