«KazTransOil» O‘zbekistonga neft tranzitini tikladi

Qozog‘istonning «KazTransOil» kompaniyasi 2025-yilning dekabr oyida O‘zbekiston yo‘nalishida neft tranzitini qayta tikladi hamda Qirg‘iziston Respublikasiga tashuv hajmini oshirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga neft tranziti shu oyning o‘zida 35 ming tonnagacha bo‘lgan hajmda amalga oshiriladi. Qirg‘izistonga neft yetkazib berish esa joriy yilning noyabr oyida qayta tiklangan bo‘lib, bungacha mazkur yo‘nalishdagi tashuvlar 2017-yilda amalga oshirilgan edi.

2025-yil yakuniga qadar Qirg‘izistonga 30 ming tonnagacha neft yetkazib berish rejalashtirilgan. Ikki yo‘nalish bo‘yicha umumiy yetkazib berish hajmi 65 ming tonnani tashkil etadi. Neft barcha yo‘nalishlarda magistral neft quvurlari tizimi orqali «KazTransOil»ning Shag‘ir neft quyish terminaligacha yetkaziladi va u yerdan temiryo‘l sisternalariga ortiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston Qozog‘istondan benzin sotib olishni boshlagani haqida xabar bergan edi.