Messining Hindistonga safarida katta tartibsizliklar yuzaga keldi

Argentina futbol yulduzi Lionel Messi Hindistonga safari davomida «Salt Lake» stadionida yuzaga kelgan tartibsizliklar tufayli qisqa muddatli tashrif bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.
Chiptalar narxi yuqori bo‘lganiga qaramay, Messi tashrifining qisqa davom etishi muxlislarni g‘azablantirdi. Norozilik bildirgan muxlislar stadiondagi o‘rindiqlarni sindirib, turli buyumlarni maydonga uloqtirdi va chegara to‘siqlarini kesib o‘tib, bevosita maydonga bostirib kirdi.

Tadbirning bosh tashkilotchisi Satadru Dutta politsiya tomonidan hibsga olindi, deb ma’lum qildi G‘arbiy Bengal politsiyasi bosh direktori Rajiv Kumar. Messi stadionga 45 daqiqalik tashrif uchun kelishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, tashrif atigi 20 daqiqa davom etdi. Tadbir chiptalari taxminan 3,5 ming rupiy ($38,65) narxda sotilgan, ba’zi muxlislar esa $130 gacha ham to‘lagan.
Rajiv Kumarning aytishicha, asosiy tashkilotchi hibsga olingan va chiptalar qaytarilishi bo‘yicha yozma majburiyat olindi. Politsiya tartibsizliklarning jazolanmasdan qolmasligi uchun chora ko‘rayotganini aytdi.
Messi Hindistonga safari davomida konsertlar, yoshlar futbol klinikalari va xayriya tadbirlarida ishtirok etadi. G‘arbiy Bengal bosh vaziri Mamata Benerji Messi va muxlislardan uzr so‘rab, voqea bo‘yicha tergov o‘tkazishni buyurdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Kalkutta shahrida argentinalik futbolchi Lionel Messining 21 metr balandlikdagi ulkan haykali o‘rnatilgani haqida xabar bergan edik.

