Maoshning deyarli yarmini «yeb qo‘yadigan» yetti mayda xarajat

Moliyaviy intizomni saqlashdagi eng katta muammo — katta xarajatlar emas, balki o‘zimiz sezmay qilib qo‘yadigan mayda xarjlardir. Quyidagi maqolada eng keng tarqalgan yetti mayda xarajat va ulardan qutulishga ko‘maklashadigan aniq yechimlar jamlandi.
Quyida yetti mayda xarajatlar ro‘yxati keltirilgan:
- Ortiqcha oziq-ovqat xaridlari
- Taxi yoki transport xarajatlari
- Shirinlik, qahva va gazli ichimliklar
- Pulli obunalar, internet va aloqa uchun to‘lovlar
- Kutilmagan mehmondorchiliklar va yig‘imlar
- Kommunal-to‘lovlar
- Uydagi mayda xarajatlar: xo‘jalik buyumlari
1. Ortiqcha oziq-ovqat xaridlari
Kichik do‘kon xaridlari ko‘pincha «faqat bir dona yogurt», «bir qadoq chips» yoki «bir dona energetik ichimlik olib chiqaman» degan mayda ehtiyojlar bilan boshlanadi. Bunday xaridlar bir martada arzon ko‘rinsa-da, har kuni takrorlangani sabab oy yakunida katta summaga aylanadi. Xarajatlarni nazorat qilish uchun bunday impulsiv mahsulotlarni ro‘yxatga yozib boring va ular uchun haftalik aniq limit belgilang. Do‘konga faqat kerakli mahsulotlar ro‘yxati bilan chiqish yoki ortiqcha xarid qilmaslik uchun kam miqdordagi naqd pul olib yurish ham samarali usullardan biridir.
Quyida 2-3 kishilik oila uchun haftalik oziq-ovqat ro‘yxati (o‘rtacha narxlar bilan):
| Mahsulot | Miqdor | Taxminiy narxi (so‘m) |
|---|---|---|
| Un | 2 kg | 15-20 ming so‘m |
| Kartoshka | 5 kg | 30-35 ming so‘m |
| Piyoz | 3 kg | 8-12 ming so‘m |
| Sabzi | 2 kg | 10-15 ming so‘m |
| Pomidor | 1,5 kg | 30 ming so‘m |
| Bodring | 1,5 kg | 20-25 ming so‘m |
| Karam / Brokkoli | 1 dona | 10 ming so‘m |
| Olma | 2 kg | 20-25 ming so‘m |
| Banan | 1 kg | 16-20 ming so‘m |
| Mol go‘shti | 1 kg | 130 ming so‘m |
| Tovuq go‘shti | 1 kg | 55 ming so‘m |
| Tuxum | 30 dona | 40 ming so‘m |
| No‘xat / Mosh / Loviya | 0,5 kgdan | 30 ming so‘m |
| Sut / Qaymoq | 2 litr / 500 g | 30 ming / 25 ming so‘m |
| Qatiq | 1 litr | 20-25 ming so‘m |
| Yogurt | 4 dona | 16-20 ming so‘m |
| Sariyog‘ | 400 g | 30 ming so‘m |
| Pishloq / Kolbasa | 200 g / 700 g | 30 ming / 60 ming so‘m |
| Yog‘ | 1 litr | 20-25 ming so‘m |
| Non | 14-18 dona | 70 ming so‘m |
| Lavash noni / Baton | 1 dona | 10 ming so‘m |
| Pechenye (2 xil) | 1 qadoqdan | 35-40 ming so‘m |
| Shokolad | 1 qadoq | 20-25 ming so‘m |
| Mineral suv | 10 litr | 10-12 ming so‘m |
2-3 kishilik oila uchun haftalik oziq-ovqat mahsulotlari uchun shahar sharoitida o‘rtacha 800-850 ming so‘m atrofidagi summa ketishi mumkin. Ammo buni 600 minggacha tejash orqali maoshni «yemirishi» mumkin bo‘lgan ortiqcha xarajatdan xalos qilasiz.

2. Taxi yoki transport xarajatlari
Taxi va transport xarajatlari oylikni asta-sekin, ammo jiddiygina kamaytirib qo‘yadi. Ayniqsa doimiy taksidan foydalanish odatingiz bo‘lsa, oila budjetiga bundan ortiq dushman bo‘lmasa kerak. Xarajatlarni nazorat qilish uchun ish yoki o‘qishga jamoat transportlari orqali borishga odatlaning. Yaqin masofadagi manzillarga esa piyoda borish – ham jismoniy, ham moliyaviy foyda.
Keling, taxminiy hisoblaymiz. Faraz qilaylik, haftada 5 marta taksidan foydalanilsa, (o‘rtacha taksi uchun 30 ming so‘m) bir haftadagi xarajat 150 ming so‘m bo‘ladi. Agar oila 2–3 kishidan iborat bo‘lsa va har bir kishi alohida taksi chaqirsa, 2 kishi haftasiga 300 ming so‘m, 3 kishi esa 450 ming so‘m sarflaydi. Masofa uzoqroqda bo‘lsa, taksi narxi yanada qimmatlashib boradi.

3. Shirinlik, qahva va gazli ichimliklar
Shirinlik, qahva va gazli ichimliklar ham oila budjetiga sezilarli darajada ta’sir qiladi. Masalan, kuniga bir kishi ish davomida bir marta qahva va gazli ichimlik sotib olsa, bu taxminan 30 ming so‘mga tushadi. Oy davomida bu xarajat 900 ming so‘mni tashkil etadi. Agar bunday sarf qiladigan kishi oilada 2–3 nafar bo‘lsa, bu summa 1,8 mlndan to 2,7 mln so‘mgacha yetishi mumkin. Shu sababli, ularni kamaytirish yoki uyda tayyorlash orqali ortiqcha sarflardan saqlanish mumkin.
Drive Research e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda har to‘rt kishidan uchtasi kuniga kamida bir marta qahva iste’mol qiladi. Bu holat O‘zbekistonga ham yot emas. Dunyo miqyosida esa har kuni 2,25 mln finjon qahva sotiladi. Bu raqamlar qahva ichish ko‘plab odamlar uchun shunchaki odat emas, balki kundalik hayot tarzining ajralmas qismiga aylanganini yaqqol isbotlaydi.

4. Pulli obunalar, internet va aloqa uchun to‘lovlar
Pulli ilovalar, obunali xizmatlar, internet va aloqa uchun to‘lovlar oy davomida budjetga sezilarli ta’sir qilishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar, musiqiy ilovalar yoki o‘yinlardagi kichik «arzon» to‘lovlar bir oy davomida yig‘ilib, oylik abonent narxidan ham qimmatga tushishi ehtimoli bor. Xarajatlarni nazorat qilish uchun abonentlaringizni oyda bir marta tekshirib chiqing, keraksiz obunalarni bekor qiling va o‘yinlar ichidagi xaridlarni «nol»ga tushiring. Shu tarzda ortiqcha pul sarfini kamaytirish mumkin.

5. Kutilmagan mehmondorchiliklar va yig‘imlar
Kutilmagan mehmondorchiliklar, sovg‘a-salomlar ham budjetga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Bayramlar, tug‘ilgan kunlar yoki hamkasbning to‘yi kabi xarajatlar dastlab kichik tuyulishi mumkin, biroq oy oxiriga kelib yirik summa yig‘ilishi ehtimoli bor. Shu sababli bunday holatlar uchun oldindan reja tuzish va budjetda alohida mablag‘ ajratish lozim.

6. Kommunal to‘lovlar
Kommunal to‘lovlar – bu uy-joy xizmatlari uchun to‘lanadigan muntazam xarajatlardir. Elektr, suv, gaz, isitish va chiqindi xizmatlariga oy davomida salkam 500 ming so‘m sarflanishi mumkin. Bu xarajatlarni nazorat qilish uchun energiya va suvni tejamkor ishlatish, isitish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish zarur. Shu tariqa, oylik maoshni kamaytiruvchi yana bir «xavf»dan asrab qolish mumkin.
| Xizmat | Oyiga xarajat (ming so‘m) |
|---|---|
| Elektr energiyasi | 150 |
| Suv va kanalizatsiya | 50 |
| Gaz | 80 |
| Isitish (qishda) | 200 |
| Chiqindi | 10 |

7. Uydagi mayda xarajatlar: xo‘jalik buyumlari
Uydagi mayda xarajatlar, masalan, salfetka, tozalagich, idish-yuvish vositasi, chiroq va boshqa kichik maishiy buyumlar ham budjetga ta’sir qiladi. Har biri alohida kichik summa bo‘lishi mumkin, lekin oy davomida doimiy xarajat sifatida yig‘ilib, sezilarli summaga aylanadi. Shu sababli, ularni ham reja asosida xarid qilish va ortiqcha sarflardan saqlanish foydali hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida, odamlar moliyaviy qiyinchilikka ko‘pincha katta xarajatlardan emas, balki mayda, takroriy, nazoratsiz sarflardan tushadi. Shuning uchun eng to‘g‘ri yo‘l — mayda xarajatlar hisobi, haftalik reja va limit o‘rnatishdir. Atigi bir oy ichida o‘zgarish seziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pulni samarali tejash haqida maqola tayyorlagan edik.