Yangiliklar

Nvidia sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan H200 chiplarini ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqchi

Xitoy bozorida sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan H200 chiplariga talab keskin oshgani fonida
Nvidia sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan H200 chiplarini ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqchi
Foto: Nvidia

Amerikaning Nvidia kompaniyasi Xitoy bozorida sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan H200 chiplariga talab keskin oshgani fonida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Xitoydagi kompaniyalar buyurtmalari kompaniyaning hozirgi ishlab chiqarish hajmidan sezilarli darajada oshib ketgan. Shu sabab kompaniya chiplarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalasini muhokama qilmoqda, biroq rasmiy izoh berilmagan.

H200 – Nvidia’ning ochiq savdoda mavjud bo‘lgan ikkinchi eng qudratli SI-chipi bo‘lib, u Xitoy kompaniyalari uchun hozircha foydalanish mumkin bo‘lgan eng kuchli yechim hisoblanadi. Uning unumdorligi Xitoy bozori uchun moslashtirilgan H20 chipidan qariyb olti baravar yuqori.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp H200 chiplarini Xitoyga eksport qilishga ruxsat berilishi, biroq yetkazib berishlar 25 foizlik boj bilan amalga oshirilishini ma’lum qilgandi. Shunga qaramay Xitoy hukumati hozircha importga rasmiy rozilik bermagan, bu esa yetkazib berishlar bo‘yicha noaniqlikni saqlab qolmoqda.

Reuters’ga ko‘ra, Alibaba va ByteDance kabi yirik texnologik kompaniyalar ushbu chiplarga katta buyurtmalar berishga tayyor. Shu bilan birga, Pekin kompaniya chiplarini xarid qilish sharti sifatida mahalliy chiplarni ham majburiy sotib olish talabini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Bundan oldin Kursiv Uzbekistan Nvidia haydovchisiz avtomobillar uchun inson miyasiga teng sun’iy intellekt yaratgani haqida yozgandi.