Xalqaro moliya standartlari va Bazel III joriy etilishi: O‘zbekiston kapital bozori rivojlantiriladi

eʼlon qilindi
Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish vazifalari belgilandi
Xalqaro moliya standartlari va Bazel III joriy etilishi: O‘zbekiston kapital bozori rivojlantiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini rivojlantirish va bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Hozirgi kunda muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati 275 trln so‘mni tashkil etib, birjada erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar hajmi 4 trln so‘mga yetdi. Bozorda 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuv hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20 foizni tashkil etib, jahon ko‘rsatkichlaridan pastligi ta’kidlandi.

Mahalliy kapital bozoriga kamida $1 mlrd investitsiya jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Jumladan, mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish – «dual listing» amaliyotini joriy etish, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar va birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni tatbiq etish rejalashtirilgan.

«Tartibga solish qumdoni» mexanizmini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mexanizm doirasida qumdon shartlarini rezident va norezidentlar uchun tatbiq etish, xorijiy investorlar uchun muddatsiz amal qilishini belgilash va chet el kompaniyalarining qimmatli qog‘ozlari bilan savdo qilishga ruxsat berish taklif etildi.

Mahalliy investorlarni jalb qilish doirasida kompaniya va banklarga Toshkent fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarish imkoniyati yaratish, emitentlarga esa ta’minotsiz obligatsiyalar chiqarish orqali obligatsiyalar bozorini kengaytirish ta’kidlandi.

Bank sohasidagi islohotlar doirasida so‘nggi yetti yilda tijorat banklarining aktivlari 5,3 barobar o‘sib, 877 trln so‘mdan oshgani, banklar soni 35 taga yetgani, 2017-yildan beri 3 ta xorijiy bank faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.

Kelgusi yilda O‘zbekiston moliya sektorini Bazel qo‘mitasining 29 ta asosiy tamoyiliga moslashtirish, barcha tijorat banklarida moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritish, Bazel III standartlarini joriy etish va Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish vazifalari belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlar uchun Biznes hamroh tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek