
Joriy yilning 7 – 14-dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan V para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Sport vazirligi ma’lum qildi.
Kompleks musobaqada Osiyo qit’asining 35 ta mamlakatidan qariyb 1,5 ming nafar atlet 11 ta sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun bellashdi. O‘zbekiston sportchilari para yengil atletika, para taekvondo, bochcha, para suzish, para armrestling va para pauerlifting yo‘nalishlarida ishtirok etdi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi jami 197 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 99 tasi oltin, 57 tasi kumush va 41 tasi bronza medallaridan iborat bo‘lib, ushbu natija mamlakat terma jamoasiga umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni ta’minladi.
Taqqoslash uchun, 2021-yilda Bahraynda o‘tkazilgan IV para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 16 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida oltinchi o‘rinni egallagan edi.
Musobaqa qahramonlari Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, prezidentning sport bo‘yicha vakili Odil Abduraxmanov, Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbariyati tomonidan taqdirlandi. «Olimpiya shaharchasi»da esa g‘olib bo‘lgan sportchilarni tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazilib, ular 1-martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston bokschilari IBA Jahon chempionatida qancha mukofot olgani haqida yozgan edik.



