O‘zbekistonda Paralimpiya terma jamoalari markazi tashkil etiladi

O‘zbekistonda Paralimpiya terma jamoalari markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident «Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida Paralimpiya terma jamoalari markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Yangi Markaz poytaxtning Yashnobod tumanidagi zamonaviy infratuzilmaga ega majmuada joylashtiriladi. Asosiy maqsad parayengil atletika, paradzyudo, parataekvondo, parasuzish kabi sport turlari bo‘yicha zaxirani shakllantirish va iqtidorli yoshlarni saralash tizimini raqamlashtirishdir.

2026-yil 1-yanvardan boshlab terma jamoalarni shakllantirishda sportchining musobaqa natijalari bilan birga sport normativlarini bajarganligi ham asosiy mezon sifatida qaraladi. Shuningdek, «ERP-sport» elektron tizimi orqali sportchilarning ko‘rsatkichlari doimiy monitoring qilib boriladi. Hududlarda esa haqiqiy talabdan kelib chiqib, ayrim davlat sport maktablari paralimpiya turlariga ixtisoslashtiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston V para Osiyo o‘yinlarida 197 ta medal bilan 1-o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edi.