
2025-yilning yanvar – oktabr oylarida 26,4 ming nafar o‘zbekistonliklar ta’lim olish maqsadida xorijga chiqqan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarni taqdim qildi.
Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,1 ming nafarga yoki 18,9 foizga kamaygan.
O‘zbekistonlik talabalar, asosan, qo‘shni va Osiyo mamlakatlarini afzal ko‘rmoqda. Xususan, eng ko‘p ta’lim safari Rossiya va Tojikiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2025-yilning dastlabki o‘n oyida o‘zbekistonlik talabalar ta’lim olish uchun eng ko‘p borgan davlatlar quyidagilar:
- Rossiya — 5,9 ming nafar,
- Tojikiston — 5,8 ming nafar,
- Qirg‘iziston — 3,8 ming nafar,
- Janubiy Koreya — 3,3 ming nafar,
- Turkiya — 2,2 ming nafar,
- Xitoy — 1,2 ming nafar,
- Qozog‘iston — 1 014 nafar,
- Buyuk Britaniya — 839 nafar,
- Germaniya — 366 nafar,
- AQSh — 318 nafar.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Braun universitetidagi otishma oqibatida o‘zbekistonlik talaba halok bo‘lgani haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, MuhammadAziz Braun universitetida bakalavrning birinchi kursida neyroxirurgiya yo‘nalishini o‘rganayotgan bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi vakolatxonalari marhumning oila a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lib, AQShning tegishli idoralari bilan hamkorlikda barcha masalalarni hal qilish bo‘yicha ish olib borayotganini bildirdi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Qozog‘istonda tahsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda ekanligi haqida ham xabar berilgandi.