O‘zbekistonning HGT startapi Digital Startup Awards’da 25 ming dollar yutdi

12 – 13-dekabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro Digital Startup Awards dasturining finaliga O‘zbekistondan to‘rtta startap chiqdi. Ulardan biri HGT loyihasi ikkinchi o‘rinni egallab, $25 ming miqdorida mukofotga sazovor bo‘ldi.
HGT GovTech yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Startap aholining kommunal xizmatlar bilan o‘zaro aloqasini yengillashtiruvchi, xavfsiz va qulay to‘lov tizimini ishlab chiqmoqda.
Tanlovda birinchi o‘rin Qozog‘istonning Multicode startapiga nasib etdi. U yuk vagonlari operatorlari uchun sun’iy intellektga asoslangan «B2B SaaS» platformasi uchun $40 ming mukofot oldi.
Uchinchi o‘rin esa Gruziyaning Telagri loyihasiga berilib, u qishloq xo‘jaligini kreditlash uchun mo‘ljallangan fintex yechimi bilan $15 ming yutdi.
Shuningdek, «Eng yaxshi ayollar startapi» nominatsiyasi bo‘yicha $10 ming mukofot Qirg‘izistonning MamaSpace platformasiga topshirildi. Ushbu MedTech loyiha onalar salomatligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni taklif qiladi.
Umuman olganda, Digital Startup Awards finalida Markaziy Yevroosiyo davlatlaridan 22 ta startap ishtirok etdi. Dastur AI, FinTech, EdTech, GovTech, SaaS hamda barqaror rivojlanish yo‘nalishlaridagi loyihalarni qamrab oldi.
Digital Startup Awards – mintaqadagi eng yirik startap dasturlaridan biri bo‘lib, umumiy mukofot jamg‘armasi $1 millionni tashkil etadi. 2025-yilda tanlovga mingdan ortiq ariza topshirilgan bo‘lib, finalga Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkmaniston, Mongoliya va O‘zbekistondan loyihalar chiqdi.
Avvalroq Tilmoch AI startapiga $150 ming sarmoya kiritilayotgani xabar qilingandi. Platforma hozirda yetti tilda tarjima, imlo va grammatika tekshiruvi xizmatlarini taklif qilib, 130 mingdan ortiq oylik foydalanuvchi va 50 dan ziyod korporativ mijozlarga ega.