Qog‘oz retseptlar vaqtincha saqlanib qoladi — elektron retsept bo‘yicha SSV buyrug‘i qabul qilindi

«Elektron retsept» tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i qabul qilindi.
Unga ko‘ra, «elektron retsept» tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi, antibiotiklar, antibakterial va gormonal dori vositalari uchun elektron retsept majburiy bo‘ladi. Tizim to‘liq ishga tushgunga qadar va favqulodda holatlarda qog‘oz retseptlardan foydalanish imkoniyati ham saqlanib qoladi.
Xususiy tibbiyot muassasalari va shifokorlarning «Elektron retsept» moduliga ulanishi bepul. Buning uchun +998 (71) 202-50-00 raqamiga murojaat qilish mumkin.
Shuningdek, retsept yozish faqat shifokor vakolatiga kiradi. Agar zarur dori muassasada mavjud bo‘lmasa, shifokor retsept yozib beradi, ma’lumotlarni elektron tizimga esa dorixona farmatsevti kiritadi.
Bemor dorixonaga murojaat qilganda dori elektron retsept, QR-kod yoki JShShIR orqali beriladi. Chet el fuqarolari ham davlat tibbiyot muassasalarida ro‘yxatdan o‘tib, elektron retsept olish huquqiga ega.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 24 soat ishlaydigan 1003 qisqa raqamli Call-markaz faoliyat yuritmoqda. Fuqarolar ushbu raqam orqali elektron retsept bo‘yicha barcha savollariga javob olishi mumkin. Yotoq rejimidagi yoki surunkali kasalligi bor bemorlar esa o‘z oilaviy shifokoriga telefon orqali murojaat etadi.
Avvalroq qanday dorilarni retseptsiz sotib olish mumkinligi haqida xabar berilgandi. Vazirlik ma’lumotiga koʻra, roʻyxatga kundalik davolashda keng qoʻllaniladigan dorilar kiritilgan. Ular orasida ogʻriq qoldiruvchi va isitma tushiruvchi vositalar, shamollashga qarshi preparatlar, yoʻtal va tomoq uchun dorilar, allergiyaga qarshi dori vositalari, antiseptiklar hamda vitaminlar bor.