Qoraqalpog‘istondagi 276 ta nasos zamonaviy agregatlarga almashtiriladi

eʼlon qilindi
Jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi
Qoraqalpog‘istondagi 276 ta nasos zamonaviy agregatlarga almashtiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyevga suv xo‘jaligida energiya samaradorligini oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ishlari yuzasidan hisobot taqdim etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Hisobotda eskirgan va energiya sarfi yuqori nasos agregatlarini zamonaviy, energiya tejamkorlariga almashtirish rejalari ko‘rib chiqildi. Qoraqalpog‘istonda 274 ta nasos stansiyasi faoliyat yuritib, 185 ming gektardan ortiq yer maydonlarini sug‘oradi. Ularning yarmidan ko‘pi 1979-yildan buyon ishlatiladi va energiya sarfi zamonaviy nasoslarga nisbatan 2-3 barobar yuqori.

Kegeyli tumanidagi eski agregat zamonaviy energiya tejamkoriga almashtirilganda, elektr energiyasi sarfi ikki barobarga kamaydi. Shu tajribadan kelib chiqib, Qoraqalpog‘istondagi 276 ta nasosni bosqichma-bosqich zamonaviy agregatlarga almashtirish rejalashtirilgan. Yillik 25 mlrd so‘m elektr energiyasi tejash va loyiha xarajatlarini 14 oy ichida qoplash ko‘zda tutilgan.

Toshkent irrigatsiya universitetida 8682 nafar talaba tahsil olmoqda, 571 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi, ilmiy salohiyat darajasi 73,5 foizni tashkil etadi. Universitet xalqaro reytinglarda yuqori natijalarga erishgan: «THE World University Rankings 2026» reytingida dunyo universitetlari orasida 501-o‘rin, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bo‘yicha 2-o‘rin, O‘zbekistonda 1-o‘rin; «QS World University Rankings 2026» reytingida 469-o‘rin.

O‘tgan yilda universitet hududida 200 oʻrinli IT markazi, raqamli kutubxona va registrator ofisi tashkil etildi. Ta’lim yo‘nalishlari besh yil muddatga xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi, o‘quv jarayoniga TOP – 300 talik universitetlarni bitirgan professorlar jalb qilindi.

Kelgusida iqlim o‘zgarishini tahlil qilish uchun raqamli platforma yaratish, kosmik kuzatuv stansiyalari barpo etish va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini qabul qilish infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan. Universitetning «Suv diplomatiyasi» magistratura yo‘nalishiga xalqaro maqom berish ko‘zda tutilgan. Prezident Toshkent irrigatsiya universitetini dunyoning TOP – 300 talik universitetlari qatoriga kiritish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirdi.

So‘nggi oylarda Toshkentda ichimlik suvi va oqova xizmatlarini yaxshilashga bag‘ishlangan Markaziy Osiyo konferensiyasi hamda Suv kodeksining kuchga kirishiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Kelgusi yil mart oyida Toshkent xalqaro suv haftaligi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Forum xalqaro institutlar va mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va «yashil» texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha muloqot maydoni sifatida xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev 2027-yilda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilgan edi.

Shuningdek