
Rossiyada Solaris brendi ostida ishlab chiqarilayotgan Hyundai va Kia avtomobillari 2025-yilda bozorda juda tez sotilmoqda. Ushbu brend sobiq Hyundai zavodida ishlab chiqariladi va yangi yengil avtomobillar bozorida eng yuqori o‘sish sur’atlaridan birini namoyish etmoqda.
ASM xolding ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil noyabr oyida Solaris avtomobillari savdosi o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan qariyb 3 barobar oshib, 4 109 donani tashkil etdi. Yanvar – noyabr oylarida esa jami 31 433 ta avtomobil sotilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 135 foizga ko‘p.
Brendning asosiy savdo drayveri Solaris HC modeli bo‘lib qolmoqda. Ushbu avtomobil aslida Hyundai Creta modeli hisoblanadi. 2025-yilning dastlabki 11 oyida Solaris HC 13 993 dona sotilgan. Faqat noyabr oyining o‘zida ushbu model savdosi 7 barobardan ko‘proqqa oshgan. Yillik hisobda esa sotuvlar 15 baravar ko‘paygan.
Natijada Solaris HC Rossiya bozorida eng ommabop 25 ta avtomobil qatoriga kirib, 20-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich Solaris brendining 2025-yilda bozor uchun mutlaq xitga aylanganini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Hyundai va GM yangi avtomobil ishlab chiqargani haqida yozgan edi.