SpaceX kompaniyasining bozordagi qiymati $800 mlrdga baholanmoqda

eʼlon qilindi
Kompaniya IPO orqali $800 mlrdlik bahoga erishmoqchi
SpaceX ochiq aksiyadorlik kompaniyasiga aylanishga tayyorlanmoqda / Foto: Scientific American

Ilon Mask asos solgan SpaceX kompaniyasining bozordagi qiymati $800 mlrd atrofida baholanmoqda. Bu haqda kompaniya moliya direktori Bret Jonson investorlar uchun yoʻllagan maktubiga tayanib Reuters xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, SpaceX ikkilamchi aksiyalar savdosini ochgan boʻlib, unda yangi va mavjud investorlar hamda kompaniyaning oʻzi har bir aksiya uchun $421 narxda jami $2,56 mlrdgacha aksiyalarni sotib olishi mumkin. Mazkur baholash SpaceXʼni dunyodagi eng qimmat xususiy kompaniyalardan biriga aylantirmoqda.

Bret Jonsonning ta’kidlashicha, kompaniya 2026-yilda ehtimoliy birlamchi ommaviy aksiyalar joylashtiruvi (IPO)ga tayyorgarlik koʻrmoqda. Biroq IPO oʻtkazilishi, uning aniq sanasi va yakuniy bahosi hozircha noma’lumligicha qolmoqda.

Jalb qilinadigan mablagʻlar Starship raketasining uchirishlar sonini oshirish, kosmosda sun’iy intellekt uchun ma’lumot markazlarini joylashtirish, Moonbase Alpha bazasini qurish, shuningdek, Oy va Marsga ekipajli hamda ekipajsiz missiyalarni amalga oshirishga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.

Reuters va Bloombergʼning qayd etishicha, SpaceXʼning yuqori baholanishi, avvalo, Starlink sun’iy yoʻldosh internet loyihasining jadal kengayishi bilan bogʻliq. Hozirda Starlink minglab sun’iy yoʻldoshlar orqali millionlab foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatmoqda va toʻgʻridan toʻgʻri mobil aloqa xizmatlarini ishga tushirish ustida ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX IPO orqali 25 mlrd dollardan ortiq mablag‘ jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek