Tesla direktorlar kengashi a’zolari 3 mlrd dollar ishlab topdi

Tesla kompaniyasi direktorlar kengashi a’zolari aksiyalar shaklidagi mukofotlar orqali jami $3 mlrddan ortiq daromad oldi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Ilon Maskning ukasi Kimbal Mask 2004-yildan buyon aksiyalar qiymatining oshishi hisobiga salkam $1 mlrd ishlagan. Direktorlar kengashi raisi Robin Denholm esa 2014-yildan beri $650 mln daromad ko‘rgan. Taqqoslash uchun, 2018–2020-yillarda Tesla direktorlarining o‘rtacha daromadi Alphabet kompaniyasi direktorlarinikidan sakkiz barobar ko‘p bo‘lgan.
Hatto 2021-yilda sudlashuvlar sababli to‘lovlar to‘xtatib turilganiga qaramay, yetti yillik davrda Tesla vakillarining o‘rtacha daromadi Meta direktorlarinikidan 2,5 barobar yuqori bo‘lib qolmoqda. Tesla rahbariyati ushbu to‘lovlar bevosita aksiyadorlar uchun qiymat yaratish bilan bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.
Biroq korporativ boshqaruv bo‘yicha ekspertlar bunday katta miqdordagi mukofot pullari direktorlarning mustaqilligiga putur yetkazishi va kompaniya boshqaruvida xolislikni yo‘qotishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ilon Mask DOGE loyihasiga qayta rahbarlik qilmasligini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edi.