Tramp AQSh Federal zaxira tizimiga yangi nomzodni ma’lum qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Federal zaxira tizimi (FZT) raisi lavozimiga asosiy nomzod sifatida sobiq boshqaruv kengashi a’zosi Kevin Uorshni ko‘rayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, hozirda asosiy ikki nomzod mavjud — Kevin Uorsh va AQSh Milliy iqtisodiy kengashiga rahbarlik qilayotgan Kevin Xasset.
«Ha, menimcha, u hozir ro‘yxat boshida. Sizda Kevin Uorsh va Kevin Xasset bor. Ikkalasi ham juda yaxshi nomzodlar. Yana bir nechta kuchli variantlar ham bor», — dedi Tramp WSJ bilan suhbatda.
Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp Uorsh bilan o‘tkazilgan suhbat davomida, avvalo, uning foiz stavkalarini pasaytirish tarafdori ekanligi yoki yo‘qligi bilan qiziqqan. Prezident bu ma’lumotni tasdiqlab, barcha suhbatdan o‘tgan nomzodlar stavkalarni tushirish zarur, degan fikrni bildirganini aytdi.
Shuningdek, Trampning ta’kidlashicha, kelajakdagi FZT rahbari foiz stavkalari bo‘yicha qarorlar yuzasidan prezident bilan maslahatlashib ish olib borishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida, Tramp 2017-yilda ham Kevin Uorshni FZT raisi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rib chiqqan, biroq yakunda Jerom Pauellni tanlagan edi. Keyinchalik Tramp Pauellni foiz stavkalarini pasaytirmagani uchun bir necha bor tanqid qilgan va hatto uni lavozimidan ozod qilish bilan tahdid qilgan.
Jerom Pauellning FZT raisi sifatidagi vakolat muddati 2026-yil may oyida yakunlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Donald Tramp Tailand va Kambodjaga boj solish bilan tahdid qilgani haqida yozgandi.