
Xitoyda litiy batareyalar uchun xomashyo yetkazib beruvchilar narxlarni oshirishini e’lon qildi. Sabab sifatida xomashyo tannarxining keskin ko‘tarilishi va global energiya o‘tishi fonida talabning oshgani ko‘rsatildi. Shu sabab Xitoy elektromobillarining narxi oshishi mumkin.
CATL va BYD bilan ishlovchi yirik yetkazib beruvchi Hunan Yuneng New Energy 2026-yil 1-yanvardan litiy temir fosfat mahsulotlari uchun qayta ishlash haqini 1 tonna uchun 3 ming yuan, ya’ni taxminan $425 ga oshiradi. Kompaniya bozor yoki xomashyo narxida keskin o‘zgarish bo‘lsa, narxlar qayta ko‘rib chiqilishini bildirdi.
Dejia Energy esa 16-dekabrdan boshlab batareya mahsulotlari narxini amaldagi katalog bo‘yicha 15% ga oshirishini ma’lum qildi. Bunga xomashyo xarajatlarining keskin qimmatlashgani sabab bo‘lgan.

Batareya darajasidagi litiy karbonat narxi 94 ming yuandan ($13 ming) oshdi. Noyabr oyining o‘zida o‘sish 16% dan yuqori bo‘ldi. Litiy karbonat narxi har 10 ming yuanga oshganda, litiy temir fosfat katod materiali tannarxi 2,3-2,5 ming yuanga ko‘tariladi.
Hozir Xitoyda quvvat batareyalari bozorida litiy temir fosfat batareyalarining ulushi 81,5% ni tashkil etadi. Ta’minot cheklanganligi sabab ayrim avtomobil ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarish uzilishlarini oldini olish uchun yirik batareya ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalarni kuchaytirmoqda.
Xpeng Motors rahbari Xe Syaopen ham bu vaziyatni ochiq tan oldi. U batareya ishlab chiqaruvchilarning deyarli barchasi bilan muzokara qilganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xitoyning eng kuchli 5 ta elektromobil brendi haqida yozgan edi.