Yangilangan Kia Seltos qachon va qanday narxda sotuvga chiqishi ma’lum bo‘ldi

15-dekabr 2025 15:13 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Yangilangan Kia Seltos qachon va qanday narxda sotuvga chiqishi ma’lum bo‘ldi
Foto: CarDekho

Yangi avlod Kia Seltos krossoveri Hindistonda jonli suratlar orqali namoyish etildi. Bu haqda CarDekho nashri xabar berdi.

Avvalroq global taqdimotda model gibrid va 2,0 litrli benzin dvigateli bilan chiqishi aytilgan bo‘lsa, Hindiston bozori uchun butunlay boshqa texnik konfiguratsiya tanlandi.

Mahalliy versiyada na 2,0 litrli benzin dvigateli, na gibrid tizim mavjud. Barcha motorlar 1,5 litrli hajmga ega. Asosiy variant 115 ot kuchiga ega atmosferali dvigatel bo‘lib, u 6 pog‘onali mexanik uzatma yoki variator bilan taklif etiladi. Shuningdek, 160 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbomotor ham mavjud bo‘lib, u 6 pog‘onali mexanika yoki 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatma bilan ishlaydi.

Uchinchi dvigatel – 116 ot kuchiga ega 1,5 litrli dizel agregat. Ushbu versiyada 6 pog‘onali mexanik uzatma bilan bir qatorda klassik 6 pog‘onali avtomat ham taklif etiladi. Dvigatel qatori bo‘yicha yangi Seltos Hindistondagi Hyundai Creta modeli bilan to‘liq uyg‘unlashtirilgan.

Tashqi ko‘rinishda krossover qora rangdagi kuzovi bilan ajralib turadi. Salon esa zamonaviy va qulay jihozlar bilan boyitilgan. Modelda 64 rangli atmosfera yoritgichi, yumshoq eshik qoplamalari, kuchli yon tayanchli old o‘rindiqlar, panoramali tom, orqa yo‘lovchilar uchun alohida havo yo‘naltirgichlar, 5 dyuymli sensorli iqlim boshqaruvi bloki, simsiz smartfon quvvatlagichi va 8 karnayli Bose audio tizimi mavjud.

Shuningdek, haydovchi o‘rindig‘i 10 yo‘nalishda elektr sozlanadi va xotira funksiyasiga ega. Xavfsizlik qismida 6 ta xavfsizlik yostig‘i, old va orqa parktroniklar, 360 darajali kamera, ikkinchi darajali haydovchiga yordam tizimlari hamda old va orqa videoregistratorlar taklif etiladi.

Hindistonda yangi Kia Seltos narxlari 2026-yil 2-yanvarda e’lon qilinadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, boshlang‘ich narx taxminan $13,5 mingni tashkil etadi. Oldindan buyurtmalar 11-dekabrdan qabul qilinmoqda, bron to‘lovi $300 etib belgilangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM Chevrolet Express Max EV elektr furgonini taqdim etgani haqida yozgandi.

Shuningdek