2025-yilning eng yaxshi hamyonbop smartfonlari qaysi

16-dekabr 2025 10:38 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
2025-yilning eng arzon smartfonlari: mutaxassislar tanlovi
Google Pixel 9a / Foto: Tom’s Guide / John Velasco

Avvallari arzon smartfonlar sifatsiz degan tushuncha bor edi. Bugun esa 2025-yilning eng yaxshi hamyonbop telefonlari asosiy ehtiyojlarni bemalol qondiradi va katta xarajatlarsiz zamonaviy imkoniyatlarni taklif qiladi. Tom’s Guide joriy yilning bir qator smartfonlarini sinovdan o‘tkazib, ularning eng arzon va eng yaxshilari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, 2025-yilda eng maqbul tanlov sifatida Google Pixel 9a e’tirof etildi. Taxminan $500 turadigan ushbu smartfon kuchli sun’iy intellekt funksiyalari, yorqin va silliq displeyi hamda yuqori sifatli kamerasi bilan ajralib turadi. Tensor G4 protsessori uni o‘yinlar uchun emas, balki SI imkoniyatlari va kundalik foydalanish uchun juda qulay qiladi. Displey 60 va 120 Hz orasida avtomatik almashadi, kamera esa ixcham bo‘lsa-da, natijasi yuqori darajada.

Nothing Phone 3a

Nothing Phone 3a / Foto: Future

Arzon, lekin dizayni bilan ajralib turadigan telefon izlayotganlar uchun Nothing Phone 3a yaxshi variant hisoblanadi. U shaffof dizayni, yorqin AMOLED ekrani va kuchli batareyasi bilan e’tiborni tortadi. Kameralar tizimi ham yaxshilangan bo‘lib, optik zumga ega telekamera qo‘shilgan. Batareya sinovlarida u 15 soatdan ortiq ishlashga erishgan.

Motorola Moto G Power / Foto: Future

Batareya quvvati birinchi o‘rinda bo‘lgan foydalanuvchilar uchun Motorola Moto G Power 2025 eng uzoq ishlaydigan arzon telefonlardan biri bo‘ldi. 5 000 mA·soatlik batareyasi bir zaryadda 17 soatdan ortiq ishlaydi. U simsiz quvvatlashni ham qo‘llab-quvvatlaydi, biroq unumdorlik va kamera imkoniyatlari kuchli emas, asosan oddiy vazifalar uchun mos.

Motorola Moto G 2026 / Foto: Future

Yana bir Motorola modeli Moto G 2026 esa budjet segmentida rekord darajadagi batareya ishlash vaqtini ko‘rsatdi. Sinovlarda u deyarli 19 soat ishlagan. Telefon kundalik foydalanish uchun yetarli, kamerasi kutilganidan yaxshi, ammo og‘ir o‘yinlar va murakkab vazifalar uchun mos emas. Dasturiy yangilanishlar muddati qisqaroq bo‘lishi uning kamchiliklaridan biri hisoblanadi.

Motorola Razr 2024 / Foto: PCMag

Buklanadigan telefonni arzonroq narxda xohlovchilar uchun Motorola Razr 2024 alohida ajralib turadi. Narxi taxminan $599 bo‘lgan ushbu model flip formatdagi eng arzon buklanadigan smartfonlardan biri. Katta tashqi ekrani vlog va selfi olishda qulay, batareyasi esa o‘rtacha ko‘rsatkichlarni beradi. Yarim buklangan holda videoni qo‘lsiz tomosha qilish kabi imkoniyatlari uni boshqalardan farqlaydi.

iPhone 16e / Foto: ijtimoiy tarmoq

Apple ishqibozlari uchun esa eng maqbul budjet variant iPhone 16e bo‘ldi. Narxi taxminan $600 bo‘lsa-da, u kuchli A18 protsessori, OLED ekrani va Apple Intelligence funksiyalari bilan ajralib turadi. Kamera bitta bo‘lsa ham, 48 megapikselli sensor yuqori sifatli suratlar olishga imkon beradi. Eng katta ustunligi esa uzoq yillar davomida iOS yangilanishlarini olishi.

Galaxy A56 / Foto: CanalTech

Samsung ixlosmandlari uchun Galaxy A56 tavsiya etiladi. Ushbu model uch kamerali tizim, tezkor 45 Vt quvvatlash va yaxshilangan batareya bilan keladi. To‘liq Galaxy AI bo‘lmasa-da, Circle to Search va Object Eraser kabi aqlli funksiyalar mavjud. Old kamera sifati ham sezilarli darajada yaxshilangan.

Mutaxassislar ushbu arzon smartfonlarni real ishlash, batareya muddati, unumdorlik va kamera sifati bo‘yicha bir necha kun davomida tekshirgan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, 2025-yilda arzon smartfonlar ham ishonchli, qulay va uzoq muddat foydalanish uchun yetarli darajada rivojlangan.

Avvalroq 2025-yil yakuni bo‘yicha eng yaxshi smartfonlar e’lon qilingandi. MKBHD texnokanali 2025-yil yakunlari bo‘yicha eng yaxshi smartfonlar ro‘yxatini ochiqladi. Unda yil davomida sinovdan o‘tgan o‘nlab modellardan turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar tanlandi.

Shuningdek