2026-yil poytaxt uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi” yili bo‘ladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, kelgusi yil uchun yangi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
So‘nggi yillarda poytaxt iqtisodiyoti sezilarli darajada o‘sdi: to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar $20 mlrddan oshdi, 5 mingdan ortiq yirik loyiha ishga tushdi, shahar bo‘yicha jon boshiga investitsiya $71 dan $2,2 mingga yetdi. Tijorat maydonlari 14 karra oshib, 67 mln kvadrat metrga yetdi, tadbirkorlar soni 140 mingga yaqinlashdi. «Tungi iqtisodiyot» doirasida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari 3 mingdan oshdi.
Shaharda transport infratuzilmasi ham sezilarli rivojlandi: 1 ming zamonaviy elektrobus va avtobus, 168 yangi yo‘nalish, qo‘shimcha 33 km metro liniyasi va 21 stansiya ishga tushdi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 mlnga yaqin aholi metro xizmatlaridan foydalanmoqda.

Uy-joy qurilishi hajmi ham keskin oshdi: yiliga o‘rtacha 15,5 ming xonadon qurilmoqda. So‘nggi uch yilda 3,5 trln so‘m mablag‘ ajratilib, elektr ta’minoti yaxshilandi; kelasi yil yana 1,5 trillion so‘m ajratiladi. Poytaxt iqtisodiyoti oxirgi to‘qqiz yilda 2,5 barobar o‘sib, $27 mlrdga yetadi. Aholi jon boshiga daromad $8,6 mingga yetadi, kambag‘allik 1 foizga, ishsizlik 3,5 foizga pasayadi.
Shahar aholisi har yili 100 mingdan oshib, 2030-yilda 3,5 mlndan ortadi. Yalpi hududiy mahsulot $52 mlrdga yetkazilib, jon boshiga daromad $15 mingga ko‘tarilishi rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda shahar uy-joy fondi, transport, energetika, ta’lim, tibbiyot va servis infratuzilmalari zamonaviy megapolislardagi standartlarga mos ravishda qayta ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga, ekologiya, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish va sifatli boshqaruv masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi. Masalan, Yunusobod va Yangihayot tumanlarida mavjud loyihalarni to‘liq ishga tushirish orqali yana kamida 10 ming ish o‘rni yaratilishi mumkin.

Shahar transport tizimida Shota Rustaveli ko‘chasida BRT yo‘lagi va Islom sivilizatsiyasi markazi hududida avtomobil tunneli ishga tushirildi. Shu bilan birga, Kichik va Katta halqa yo‘llari, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Shahrisabz, Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalaridagi tirbandlik masalasi hal qilinishi zarur.
Aholi sonining oshishi hisobiga 100 mingdan ortiq maktab va bog‘cha o‘rinlariga ehtiyoj mavjud. Prezidentning ta’kidlashicha, 2026-yil Toshkent shahri uchun «Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi» yili bo‘ladi. Kelgusi yilda jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 3 ming dollarga, 2027-yilda esa $3,5 mingga yetkaziladi; shahar tumanlari rivojlantirilishi va ikki yilda $20 mlrd investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan.
«Endi poytaxtda boshqaruv o‘zgaradi. 2026-yil Toshkent shahri uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi» yili bo‘ladi. Bu g‘oyani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi”, — deydi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining yangi binosi hamda ta’lim va ilmiy faoliyati bilan tanishgan edi.