
Apple 15-dekabr kuni iOS 26.3 dasturchilar uchun mo‘ljallangan beta versiyasini taqdim etdi. Bu yangilanish iOS 26.2 versiyasi chiqqanidan bir necha kun o‘tib paydo bo‘ldi. Hozircha yangi versiyada qanday o‘zgarishlar borligi haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Mutaxassislar fikricha, iOS 26.3 asosan texnik xizmat yangilanishi bo‘lib, tizimdagi xatolarni tuzatish va mavjud funksiyalarni yaxshilashga qaratilgan. Tom’s Guide’ga ko‘ra, katta yangiliklar 2026-yil bahorida kutilayotgan iOS 26.4 versiyasida paydo bo‘lishi mumkin. Aynan shu versiyada Apple Intelligence asosidagi ancha aqlli Siri taqdim etiladi.
Shu bilan birga, iOS 26.3’da ayrim kichik yangiliklar ham bo‘lishi mumkin. Jumladan, Apple va Google va’da qilgan iOS va Android qurilmalari o‘rtasida ma’lumot ko‘chirishni osonlashtiruvchi funksiyalar qo‘shilishi ehtimoli bor.
Apple odatda dasturchilar uchun beta chiqqanidan so‘ng ommaviy beta versiyani ham taqdim etadi. iOS 26.3’ning ommaviy beta talqini oy oxirigacha chiqishi mumkin. To‘liq va yakuniy versiya esa 2026-yilda chiqarilishi kutilmoqda.
Avvalroq Google iOS uchun Chrome’da Gemini SI yordamchisini ishga tushirgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, endi iPhone va iPad foydalanuvchilari Google’ning II texnologiyalaridan foydalanishlari mumkin. Ular avval faqat desktop versiyasi va Android mobil versiyasida mavjud edi. Funksiyani faollashtirish uchun Chrome’ni 143-versiyaga yangilash, interfeys tilini ingliz tiliga o‘rnatish va inkognito rejimidan chiqish talab qilinadi.